IIBB xodimi lotereyadan yutib olgan pullarini Mehribonlik uyiga berdi

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabariga koʻra, Sergeli tumani ichki ishlar boshqarmasi podpolkovnigi Shuhrat Boboniyozov lotereyadan 10 million soʻm yutib oldi va uni Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga sovgʻa qildi.
 
photo5285336499501509035.jpg
“Shuhrat Boboniyozov lotereya chiptasini sotib olayotganida pul yutib olsa, barcha pullarni Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga sovgʻa qilishini aytgan edi. Lotereyadan 10 million soʻm yutib olganida tashabbusini qoʻllab-quvvatlashni rahbariyatdan soʻradi”, deyiladi xabarda.
Podpolkovnikning lotereyadan hech narsa yutib olmagan safdoshlari ham u bilan birgalikda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga yordam berishga ahd qildi. Ular Yunusobod tumanidagi 23-Mehribonlik uyi direktoriga qoʻngʻiroq qilib, bolalarga nima kerakligini soʻradi.
U yerda tarbiyalanayotgan bolalar soʻragan barcha narsa: oʻyinchoqlar, sport buyumlari, kanselyariya buyumlari, kiyim, shirinlik va mevalar xarid qilindi.
23 sentyabr, yakshanba kuni Sergeli tuman IIB xodimlari Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga sovgʻalarni topshirdi.

 

OʻzA