Sayt orqali sud majlislarining onlayn translyatsiyasi joriy etilishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining yangilangan rasmiy veb-sayti ishga tushirildi. Undagi fuqarolar va yuridik shaxslar uchun yangi interaktiv xizmatlar joriy etilgan.
www.sud.uz, www.oliysud.uz va www.supcourt.uz kabi manzillar orqali kirish mumkin boʻlgan ushbu sayt zamonaviy texnologiyalarning soʻnggi yutuq va imkoniyatlaridan keng foydalanilgan holda ishlab chiqilgan.
Bu haqda yangilangan sayt taqdimotiga bagʻishlab Oliy sudda tashkil etilgan tadbirda batafsil maʼlumot berildi.
Endilikda foydalanuvchilar ushbu sayt orqali hozirda 4 yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan – jinoyat ishlari boʻyicha, fuqarolik ishlari boʻyicha, maʼmuriy va iqtisodiy sudlar haqida maʼlumotlarni oson topishi mumkin. Kontentlarning ikki tilda – oʻzbek va rus tillarida joylashtirilishi foydalanuvchilar uchun yana bir qulaylikdir.
Shuningdek, saytdan sud tizimi, hal etiladigan nizolar, sudlar faoliyatiga doir statistik maʼlumotlar, sudlarga murojaat qilish tartibi, murojaat qilinganda undiriladigan davlat boji stavkalari va rekvizitlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot olish imkoniyati mavjud.
Eng asosiysi, saytda sudlar tomonidan koʻrsatilayotgan interaktiv xizmatlar tizimlashtirilgan tartibda joylashtirilgan.
N.Abduraimova, OʻzA