Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmogʻi joriy yilning 10 sentyabridan to yil oxirigacha 9 raqamli tizimga oʻtadi.
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan maʼlum qilishlaricha, ushbu yangi tizimga eng avvalo Toshkent shahri va Toshkent viloyati abonentlari oʻtkaziladi. Bu boradagi ishlar 10 sentyabrdan 30 sentyabrga qadar amalga oshiriladi. Joriy yilning 1 oktyabridan boshlab esa, poytaxtimiz va Toshkent viloyatida butunlay 9 sondan iborat telefon raqamlaridan foydalaniladi. Telefon raqami qaysi operator yoki huduga tegishliligini www.rtmk.uz saytining “Interfaol xizmatlar” boʻlimi yoki @uztbmbot telegramm-bot orqali aniqlash mumkin.
Abonentlar bu oʻzgarishlarga tezroq koʻnikishlari uchun, 1192 qisqa raqami orqali tunu kun abonentlarni texnik qoʻllab-quvvatlash xizmati faoliyat koʻrsatadi. Bunga qoʻshimcha ravishda, raqam notoʻgʻri terilganda, bu haqda ogohlantiruvchi ovozli xabar tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Tezkor xizmatlar, xalqaro formatdagi raqamlar va qisqa 4 ta sonli raqamlar bundan mustasno.