Oʻzbekiston Respublikasining Kuala-Lumpurdagi elchixonasi tomonidan Malayziya Eksimbanki va Malayziya xalqaro savdo assotsiatsiyasi (SMITA) hamkorligida yurtimizning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatiga bagʻishlangan biznes-forum tashkil etildi.
Forumda Malayziyaning 20 dan ortiq kompaniyasi vakillari, jumladan, Investitsion rivojlanish agentligi, Standartlar departamenti, Malayziya Markaziy banki, Eksimbanki, SMITA rahbariyati ishtirok etdi.
Tadbir doirasida mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, yurtimizning ayrim hududlari, jumladan, Xorazm viloyati va “Hazorasp“ EIZning savdo-iqtisodiy salohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
SMITA prezidenti Megane Su assotsiatsiya faoliyati haqida soʻzlab berdi. Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va biznes muhitini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.
U, shuningdek, 2018 yilda mamlakatimiz salohiyatini oʻrganish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish, erkin iqtisodiy zonalar hududida istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish uchun SMITA tomonidan Malayziya ishbilarmon doiralari vakillarining ikki tashrifi amalga oshirilganini taʼkidlab oʻtdi.
Megane Su Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Malayziya Eksimbanki vitse-prezidenti Bahruddin Muslim bank faoliyati, jumladan, Malayziya va xorijda eksportga yoʻnaltirilgan loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari haqida soʻz yuritdi.
Tadbir yakuni boʻyicha qator kelishuvlarga erishildi.