Joriy yil 31 iyuldan 21 avgustga qadar Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Respublikalari boʻylab “Muzliklardan Orol dengizigacha” ekspeditsiyasi tashkil qilingan edi.
Qator nufuzli xalqaro va xorijiy tashkilotlarning maxsus loyihalari asosida tashkil qilingan ekspeditsiyaga yosh mutaxassislar, magistrantlar, doktorantlar, professorlar hamda jurnalistlar jalb qilindi.
Ekspeditsiyada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Afgʻoniston davlatlaridan yosh olimlar ishtirok etdi. Yaponiyalik Tetsuro Chida, amerikalik Kristofer Uayt, hamyurtimiz Farhod Aminjonov, germaniyalik Nils Tevs va polshalik Barbara Yanush-Paulettalar mazkur ekspeditsiyaga ilmiy rahbarlik qildi. Ekspeditsiya ishlarini yoritib borish uchun jurnalistlar ham jalb qilindi. Tadbir davomida shunga ishonchim komil boʻldi-ki, ekspeditsiya aʼzolari har xil davlatdan boʻlishiga qaramasdan, Orol taqdiriga befarq boʻlmadi. Bundan 50-60 yil avval toʻlqinlari joʻsh oʻrib, kemalari saf tortgan, bugungi kunda esa sahroga aylangan dengiz taqdiri hech kimni befarq qoldirmasa kerak. Bizlarni Orol birlashtirdi. Xalqimizda qoʻllashib koʻtargan yuk yengil, deyishadi. Orolni avvalgi holatiga olib kelish – ushalmas orzudir, balkim. Lekin, birlashsak, Orol ofatining oqibatini yumshatish qoʻlimizdan keladi.
Ekspeditsiyaning asosiy maqsadi – Orol dengizi ofati va ekologik muammolarga Markaziy Osiyo mamlakatlarining eʼtiborini yanada kuchaytirish, Orol muammosini ilmiy jihatdan oʻrganishga yoshlarni jalb qilish hamda suv va suv resurslarini aqlga muvofiq boshqarishni oʻrganishga qaratildi.
Ekspeditsiya davomida olimlar asosan toʻrtta yoʻnalishda – iqlim oʻzgarishi va ekotizim, suv resurslarini boshqarishning transchegaraviy aspekti sohalarida oʻrganish-tadqiqot ishlarini olib bordi.
Qozogʻistonning “Tuyuq suv“ muzliklarini borib koʻrgan ekspeditsiya aʼzolari Qirgʻizistonga oʻtib Markaziy Osiyodagi eng katta suv saqlagich – “Toʻqtoʻgʻul“ suv ombori, Norin va Qoradaryolarga tashrif buyurdi. Bu joyda Qirgʻizistonning energetika salohiyati toʻgʻrisida maʼruzalar tinglandi. Tojikistondagi Pomir togʻlari boʻylab oʻtkazilgan safarda “Pomir enerdji“ kompaniyasi faoliyati bilan tanishildi. “Nurek“ GESi, shuningdek, Tojikiston koʻllari, suv omborlari, energetik salohiyati, bu boradagi kelgusidagi rejalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻzbekistonda esa, gidrouzellardan samarali foydalanish, fermer xoʻjaliklarida suvni tejash usullaridan foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar oʻrganildi. Toʻrtta davlatda qishloq xoʻjaligida, issiqxonalarda, tomorqa yerlarda suvdan tejamli foydalanish usullari bilan taniщdik.
Sayohatimiz Qozogʻistonning Qiziloʻrda viloyati hududidagi Kichik Orolga tashrifi bilan davom etdi. Tadbir davomida barcha ishtirokchilarning ongu shuurini Orol dengizini avvalgi holatiga qaytarish savoli egallagani aniq.
Ekspeditsiya supervayzeri, ekologiya tarixini oʻrganuvchi yaponiyalik olim, Nagoyya universiteti dotsenti Tetsuro Chidaning fikriga koʻra, Orolni avvalgi holatiga toʻla qaytarib boʻlmaydi.
– Orol dengizini avvalgi holatiga olib kelish imkonsiz, deb oʻylayman. Lekin, Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xoʻjaligi sohasida sugʻorish tizimini tubdan oʻzgartirsa, suvdan foydalanishning tejamkor usullari joriy etilsa katta Orolning maʼlum bir qismini saqlab qolish mumkin, – deydi T.Chida. – Orol muammosi koʻproq tabiiy fanlar nuqtai nazaridan oʻrganilgan. Gumanitar va ijtimoiy nuqtai nazar asosida bu muammo kam oʻrganilgan. Men Orol muammosini shu jihatdan oʻrganmoqchiman.
Ekspeditsiya davomida Markaziy Osiyoning turli hududlarida boʻlib, u yerdagi odamlarning turmush tarzi bilan tanishdim. Ular suvdan qanday foydalanayotgani, ekin ekish usullari bilan qiziqdim. Daryoning yuqori tomonida istiqomat qiluvchilar daryoning quyi qismidagilarning qanday muammolarga duch kelayotganini bilmaydi. Shu bois, Markaziy Osiyo xalqlari biri-birini yaqindan bilishi va suv boʻyicha muammolardan xabardor boʻlishi uchun axborot maydonini hosil qilish kerak.
Yaponiyalik olim nazarda tutayotgan Katta Orol bu dengizning Oʻzbekiston tomonidir. Kichik Orol esa Qozogʻiston tomonida.
Qozogʻiston hukumati kichik Orolning oʻz holatiga qaytgani, u yerdan koʻchib ketgan baliqchilar ota kasbini davom ettirayotgani haqida rasmiy maʼlumot tarqatdi.
Tarixiy manbalarga koʻra, Orol dengizida bir necha bor suv kamayib, qayta toʻlgan. Olimlarning fikricha, bunga Orolning Qozogʻiston tomonidagi qurigan tubidan topilgan qalʼa yaqqol misol boʻla oladi. Ushbu qalʼadan topilgan arxeologik topilmalar XIII-XIV asrga, yaʼni Oltin Oʻrda davriga tegishlidir. Bu qalʼaga Kerderi deb nom berildi. Maʼlum boʻlishicha, oʻsha davrlarda Orol dengizi Kerderi koʻli, deb atalgan.
Bundan tashqari, Orol dengizining qurigan tubidan topilayotgan toshga aylangan koʻplab akula tishlari bundan million yillar avvalgi dengiz hayotidan darak bermoqda. Shunday tarixiy sir-sinoatga boy Orol dengizi oʻtgan asr oʻrtalaridan boshlab ogʻir ofatga giriftor boʻldi.
Prezidentimiz Orol muammosini bartaraf qilish boʻyicha amaliy ishlar bilan tashabbus koʻrsatmoqda.
Jumladan, 2017 yilning 19 sentyabr kuni boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq soʻzladi. Oliy minbarda turib global muammoga aylangan Orol fojiasi haqida gapirib, Orol fojiasi aks ettirilgan xaritani koʻrsatdi. Ushbu ekologik ofat oqibatlarini bartaraf qilishda xalqaro tashkilotlarni birga ishlashga chaqirdi. Mana, yaqinda Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida oʻtkazilgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari majlisida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish, hududga innovatsion yechimlarni joriy qilish, chet davlatlardan investitsiyalar jalb qilish, “yashil iqtisodiyot”, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish va boshqa bir qator oʻta muhim tashabbuslarni ilgari surdi.