Saudiya Arabistonida diniy qadriyatlarni masxara qilganlar ozodlikdan mahrum etiladi

Endilikda Saudiya Arabistonida diniy qadriyatlarni masxara qilganlarga qamoq jazosi belgilanadi. Bu haqda RIA Novosti Qirollik prokuraturasining “Twitter”da eʼlon qilingan xabarnomasiga asoslanib, maʼlum qildi.
“Jamoat tartibi, diniy qadriyatlar, ahloqiy meʼyorlar ustidan kulish, ularga putur yetkazish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda matn yaratish va tarqatish kiberjinoyat sifatida koʻrib chiqiladi”, deyilgan OAV keltirgan iqtibosda.
Qayd etilganidek, shu koʻrinishdagi jinoyatlarga 5 yillik qamoq jazosi va 3 million rial ( 6,3 milliard soʻm atrofida) miqdorida jarima belgilanadi.
Xabarda eslatilishicha, 2012 yilda “Saudiya Arabistonining liberal tarmogʻi” sayti asoschisi Raif Badaviy islom dinini haqorat qilganlik, oʻz otasiga itoatsizlik va kiberjinoyat ayblovlari bilan ozodlikdan mahrum etilgan boʻlgan. Ayni paytda bloger 10 yillik qamoq jazosini oʻtamoqda.

 

Malohat Husanova, OʻzA