Ishlovchi pensioner oʻqituvchilarga pensiya toʻliq toʻlanadi

Oʻzbekistonda Xalq taʼlimi tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishi sifatida maktab va maktabdan tashqari taʼlimni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrda “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Endilikda, xalq taʼlimi boshqarmalari rahbarlari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari, maktab direktorlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalasi hokimlar bilan kelishilmaydi.
2019-yil 1-yanvardan boshlab maktablar faoliyati samaradorligi boʻyicha reytingi tuziladi. Reyting yakunlari ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi.
2019-yil 1-yanvardan boshlab maktablarda ishlayotgan pensioner xodimlarga pensiya toʻliq miqdorda toʻlanadi.
2019-yil 1-martdan boshlab maktablarga bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
2018-yil 1-oktyabrdan boshlab maktablarning vasiylik kengashlari tugatilib, uning oʻrniga tarkibiga muassasa faoliyatiga jiddiy hissa qoʻshishga qodir eng faol ota-onalar, bitiruvchilar, homiylar va boshqa shaxslar kiritiladigan, kuzatuv kengashlari tashkil etiladi.
Kuzatuv kengashlari, jumladan, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan nomzodlardan maktab direktorini saylash, shuningdek, uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritadi.
2019-yil 1-yanvarga qadar oʻqituvchilarni kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi qayta koʻrib chiqiladi, bunda asosiy mezon tegishli fanni oʻqitish boʻyicha bilim va koʻnikma darajasi hisoblanadi.
Maktablar faoliyatini tekshirishning huquqiy asoslari yaratiladi, xususan maktablar faoliyatini tekshirishga vakolatli organlarning qatʼiy roʻyxati, tekshiruv tayinlash va oʻtkazish mezonlarini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqiladi.
“Zamonaviy maktab” Davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqladi, unda xususan:
ekologik jihatdan toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy maktablar qurish;
maktablarni, shu jumladan, oʻquv sinflari ichini yangi qulay mebellar, zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari, darsliklar va oʻquv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash nazarda tutiladi.

 

OʻzA