Anʼana, innovatsiya, taklif va gʻoyalar

Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida “UzTextile Expo – 2018” birinchi tekstil va moda sanoati hamda “Toʻqimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME – 2018” oʻn ikkinchi Markaziy Osiyo xalqaro koʻrgazmalari oʻz ishini boshladi.

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tizimidagi Toʻqimachilik mahsulotlari reklamasi va marketingi agentligi hamda “Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan koʻrgazmalarda yurtimiz va xorijlik toʻqimachilik korxonalari vakillari ishtirok etmoqda.

Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen, “ITE Group” kompaniyasining hududiy direktori Edvard Stroon va boshqalar Oʻzbekistonda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor shu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy kompaniya va firmalar bilan hamkorlik qilish, tajriba va amaliyot oʻtash hamda tizimga eng yangi texnologiyalarni jalb qilishda muhim oʻrin egallashini taʼkidlab oʻtdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 2017 yil boshida 293 ta eksportchi korxona mavjud boʻlgan boʻlsa, yil oxirida ularning soni 350 taga yetdi. Xorijiy davlatlarda tashkil etilgan 64 ta savdo uyi faoliyatida yurtimizning eksport koʻrsatkichlari sezilarli darajada ortgan. Shu maʼnoda, tashkil etilgan “UzTextile Expo – 2018” birinchi tekstil va moda sanoati xalqaro koʻrgazmasi ham oʻzbekistonlik ishbilarmonlar uchun katta imkoniyatlar maydonidir. Toʻqimachilik jihozlari, tikuv-trikotaj mahsulotlari, ekologik toza xomashyodan erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish, xomashyo yetishtirishga ixtisoslashgan 70 ga yaqin yetakchi, kichik va oʻrta biznes vakillari xorijlik hamkorlarga oʻz tajribalarini namoyish etmoqda.

– Toʻqimachilik sohasida ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini, yaʼni ip tolalaridan tortib tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonni oʻz ichiga qamrab olgan mazkur nufuzli koʻrgazmalar ishtirokchilarga manzur boʻlmoqda, – dedi “Namangan momiq sochiqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tijorat direktori Abduvohid Bobomirzayev. – Chunki bu koʻrgazmalar oʻziga xos tarzda tashkil etilgan. Bunday taraddud biz uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Faoliyatimizga toʻxtaladigan boʻlsak, korxonada turli oʻlchamdagi momiq sochiqlar, kattalar va bolalar uchun xalat va choyshablar ishlab chiqarilib, bu mahsulotlar xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. Ayni kunda sohaga qaratilayotgan katta eʼtibor tufayli biz Fargʻona viloyatida ham yana bir fabrikani ishga tushirish arafasidamiz.

“Toʻqimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME – 2018” oʻn ikkinchi Markaziy Osiyo xalqaro koʻrgazmasi toʻqimachilik uskunalari boʻyicha MDH hududidagi eng yirik koʻrgazma hisoblanadi. Bu yilgi qatnashchilarning 15 foizi mahalliy, 85 foizi xorijiy kompaniyalar vakillaridir.

– Germaniya Iqtisodiyot va energetika federal vazirligi hamda Mashinasozlik sanoati uyushmasi koʻmagida Germaniya milliy paviloni kengaytirilgan ekspozitsiya bilan ishtirok etmoqda, – dedi Mashinasozlik sanoati uyushmasining marketing va koʻrgazmalar boʻlimi boshligʻi Boris Abadjiyeff. – Aynan uyushmamiz tomonidan 17 nemis firmasi vakillari oʻz imkoniyatini namoyish etish, bugungi toʻqimachilik sanoati yangiliklari bilan tanishishga muvaffaq boʻlmoqda. Oʻzbekiston – Germaniya hamkorlik aloqalari yaxshi yoʻlga qoʻyilgani bois 2009 yilda tashkil etilgan koʻrgazmada ham qatnashganmiz. Bu galgi taqdimotlardan yana katta natijalar kutmoqdamiz.

Koʻrgazmalarda yigirma toʻrtta davlatdan 475 kompaniya va firma vakillari ishtirok etmoqda. Ularning 91 tasi Turkiya, 89 tasi Xitoy, 52 tasi Germaniya, 32 tasi Italiya va 26 tasi Hindiston davlatlari kompaniya va firmalaridir.

Koʻrgazmaning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Nodir Otajonov soʻzga chiqdi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, Farhod Abdurasulov (surat) OʻzA