Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) tomonidan “Amudaryo havzasining nasoslar yordamida sugʻoriladigan hududlarida suv va energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Ekologik harakati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekoharakat deputatlari guruhi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda suv resurslaridan foydalanish, aholining ekologik xabardorligini oshirish borasida Ekoharakat va Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) hamkorligi tobora rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Ekologik harakati tomonidan oʻtgan 10 yil davomida ekologik barqarorlikni taʼminlash, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilishda xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berildi.
Loyiha doirasida mamlakatimizning nasoslar yordamida sugʻoriladigan hududlari, xususan, Qarshi choʻlida modellashtirish vositalaridan foydalanib, dala maydonlarida suv va energiya resurslarini tejash yoʻllari borasida qator ishlar amalga oshirilgani, sohaning ekologik muammolar tobora globallashib borayotgan bugungi kundagi ahamiyati nechogʻlik katta ekani qayd etildi.
Tadbirda xalqaro tashkilotlar vakillariga mintaqada olib borilgan avvalgi va amaldagi loyihalarning natijalari va ularning hayotga tatbiq etilishi borasidagi taqdimotlar namoyish etildi.
D.Sunnatov, OʻzA