Endi onkologik xastaliklarga shifo istab xorijga borishga hojat yoʻq

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy uskuna oʻrnatildi
Onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy taʻsir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammodir. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʻlumotiga koʻra, bunday kasalliklar bilan kasallanish koʻrsatkichi yildan yilga oʻsib bormoqda.
Maʻlumki, onkologik kasalliklarning oldini olish va erta bosqichlarda aniqlash – juda muhim omil hisoblanadi. Onkologik kasalliklar erta bosqichda samarali davolansa, ushbu darddan toʻliq forigʻ boʻlishi mumkin.
Bu borada soʻnggi yillarda mamlakatimizda koʻplab amaliy saʻy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4 aprelda qabul qilingan “2017 – 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori aholiga ixtisoslashgan onkologik tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yaxshilash va koʻlamini kengaytirish, aholining barcha qatlamini toʻla qamrab oluvchi tizimni shakllantirish va rivojlantirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.
Mazkur qaror asosida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqdi. Jumladan, joriy yil 28 avgust kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Elekta Infinity” firmasining zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasining oʻrnatilganligi munosabati bilan, uning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Maʻlumki, nur terapiya – onkologik bemorlarni davolashdagi asosiy usullardan biri hisoblanadi. U jarrohlik usuli bilan birga kombinirlangan va alohida shaklda qoʻllaniladi. Ushbu usul palliativ va simptomatik davo uchun ham ishlatiladi. Rivojlangan davlatlarda nur terapiya onkologik bemorlarning 60 foizdan ortigʻini davolashda qoʻllaniladi. Markazning nur terapiya oʻtkazuvchi chiziqli tezlatkichi bilan taʻminlanishi esa yildan yilga rivojlanib, yangilanib borayotgan yangi texnologiyalarni amaliyotda qoʻllash imkonini beradi va nur terapiya oʻtkaziladigan bemorlar kontingentining ortishiga, ularning hayot sifati va davolash natijalarining yaxshilanishiga olib keladi.
– Ushbu noyob va zamonaviy uskuna jahonning yetakchi klinikalaridagina mavjud boʻlib, Oʻzbekistonda ham ilk bor onkologik bemorlarni mana shunday ilgʻor nur terapiya yordamida davolash imkoni yaratilmoqda. Zamonaviy nur terapiyaning oʻrni va imkoniyatlari juda keng boʻlib, ushbu uskuna nishonga maksimal aniq davolovchi doza beradi va sogʻlom toʻqima hamda aʻzolarning zararlanish ehtimolini keskin kamaytiradi, – deydi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. –Natijada, davolash samaradorligi ortadi, remissiya davri uzayadi, hayot sifati yaxshilanadi, nojoʻya taʻsirlarning kamayishi hisobiga bemorlar nogironligi kamayadi, onkologik bemorlarning shifoxonada boʻlish davri qisqaradi. Bunday samaralarga erishish uchun nur terapiyaning ushbu zamonaviy hajmli (3D) konformatsiyalash usuli dunyoning rivojlangan davlatlarida ham keng qoʻllaniladi.
IMRT/VMAT uskunalarining qoʻshimcha ravishda yoʻllanilishi esa, hayot uchun muhim boʻlgan aʻzolarga doza yuklamasining keskin kamayishiga, nurdan keyingi asoratlar xavfining qisqarishiga va aniq jarayonga nisbatan optimal nur terapiya oʻtkazishga imkon beradi. Bugungi kunda bosh-boʻyin, koʻkrak qafasi, qorin boʻshligʻi va kichik chanoq aʻzolari oʻsma kasalliklarini davolashda rivojlangan davlatlarda ushbu texnologiya “oltin” standart hisoblanadi. Bundan tashqari, nur terapiyaning rotatsion uslubda tutamlar intensivligini modulyatsiya qilish (VMAT) natijasida, uskunaning oʻtkazuvchanlik qobiliyati vaqtining 2-3 barobar qisqarishiga erishiladi. Bu esa, oʻz navbatidaoʻpka, prostata bezi kabi harakatchan aʻzolardagi oʻsma nishonlarini davolashda juda muhimdir.
Bir soʻz bilan aytganda, Sogʻliqni saqlash tizimining bunday yuqori texnologiyaga asoslangan, innovatsion va zamonaviy uskuna bilan taʻminlanishi Davlatimiz rahbarining halqimiz salomatligini saqlash yoʻlida olib borayotgan oqilona siyosati mahsulidir.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati

 

OʻzA