Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Madaniyat vazirligi tomonidan 2024 yildagi ishlar sarhisobi hamda 2025 yildagi istiqbolli rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumani avvalida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga hisobot berdi.

Jumladan, teatrlarda 10 ming 479 ta spektakl namoyish etilib, ushbu tomoshalarga 3,6 million nafar tomoshabin tashrif buyurgani, shuningdek, “O‘zbeksirk” tomonidan 556 ta sirk tomoshalari o‘tkazilib, ularga 150 ming nafar tomoshabin tashrif buyurgani ma’lum qilindi.

Konsert-tomosha yo‘nalishida 2024 yilda 72 ming 55 ta konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, 10 million 37 ming 200 nafar aholi qamrab olindi.

Mamlakatimizdagi 837 ta madaniyat markazlari tomonidan joriy yilda jami 26 mingdan ortiq madaniy-ma’rifiy va konsert-tomosha dasturlari tashkil etilib, 2,5 million nafar tomoshabin jalb etilgan.

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, nomoddiy madaniy meros namunalarini tadqiq etish maqsadida 13 ta mahalliy va 1 ta xorijiy folklor ekspeditsiyalar tashkil etildi va 250 ga yaqin nomoddiy madaniy meros namunalarining dastlabki hujjatlari tayyorlandi. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib etishga oid 50 ta audiovizual asar yaratildi. Shuningdek, “Rubob yasash va ijrochilik an’analari” bilan bog‘liq nomoddiy madaniy meros namunasi YUNESKOning xalqaro reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Millatlararo munosabatlar yo‘nalishida 6 ta yangi “O‘zbekiston-Belarus”, “O‘zbekiston-Ispaniya”, “O‘zbekiston-Kanada”, “O‘zbekiston-Shimoliy Makedoniya”, “O‘zbekiston-Chexiya”, “O‘zbekiston-O‘mon Sultonligi” do‘stlik jamiyatlari tashkil etilib, ularning umumiy soni 42 taga yetkazildi.

9 ta davlat – Xitoy, Ozarbayjon, Qatar, Tojikiston, Buyuk Britaniya, Gruziya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiyada “O‘zbekiston madaniyat kunlari” madaniy tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazildi, 4 ta davlat Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iz Respublikasi, Qatarning madaniyat kunlari O‘zbekistonda yuqori saviyada o‘tkazildi. Belarus, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Koreya, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Ozarbayjon bilan Anglashuv memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolandi.

Shuningdek, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida 35 nafar madaniyat va san’at xodimlariga Toshkent shahri Yashnobod tumanidan 35 ta yangi turar joylar topshirildi.

Anjumanda vazirlik rahbariyati tomonidan 2025 yildagi rejalar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, teatrlar tomonidan namoyish etiladigan spektakllarga 3,8 million hamda madaniy tadbirlar va festivallarga 10,2 million tomoshabin jalb etiladi.

Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, “III Xalqaro hunarmandchilik festivali”, “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali,  Xalqaro teatr festivallari o‘tkaziladi.

Respublika askiya san’ati markaziga yangi spektakllarni sahnalashtirish va askiya va qiziqchilik yo‘nalishida 5 ta asarga davlat buyurtmasi beriladi. 20 ta madaniyat va san’at muassasalari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi. Madaniyat va san’at tizimidagi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy darajali va unvonli kadrlar soni qo‘shimcha 30 nafarga ko‘paytiriladi.

Madaniyat vazirligi tasarrufidagi 325 ta bolalar musiqa va san’at maktablari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi umumta’lim maktablarining musiqa madaniyati fani bo‘yicha tayanch ta’lim muassasasi sifatida belgilanadi. 7 turdagi milliy musiqa cholg‘ularida kuy ijro etishni o‘rgatish bo‘yicha qo‘shimcha adabiyotlar, notalar va videodarslar ishlab chiqiladi.

Har bir tuman va shaharlarda bolalar musiqa va san’at maktablari hamda milliy va zamonaviy cholg‘u ansambllarining hisobot konsertlari byudjetdan tashqari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yo‘lga qo‘yiladi.  Bolalar musiqa va san’at maktablarida faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar 55 foizga yetkaziladi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek,  “Tirik tarix” turkumidagi 54 ta filmlardan 20 yaqini ishlab chiqarishga tushiriladi. Agentlik huzurida O‘zbekiston xalqaro kinoakademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Erkin iqtisodiy kinohududlar tashkil qilish chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Shuningdek, 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “Do‘stlik” festivali, 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab “Bag‘rikenglik” haftaligi o‘tkaziladi.

10 dan ortiq davlatda “O‘zbekiston madaniyat kunlari” madaniy tadbirlari o‘tkaziladi. 5 ta davlatning madaniyat kunlari O‘zbekistonda o‘tkaziladi.  10 ta davlatda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlab madaniy tadbirlar tashkil etiladi. 10 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan Anglashuv memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolanadi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga batafsil javob qaytarildi.

N.Usmonova tayyorladi,  

O‘zA