“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, gender – xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan, siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihatidir.

Bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan, gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilash – jins bo‘yicha bilvosita kamsitish hisoblanadi.

Shu bois, qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik kabi prinsiplarga rioya etish darkor.

“Gender zo‘ravonlik bilan bog‘liq sud jarayonlarini yoritishda nimalarga e’tibor berish kerak?” mavzusida tashkil etilgan seminar-treningda shu haqda gap bordi.

Oliy sud, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-West Management Institute” (EWMI) nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi filiali “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan seminar-trening Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultantlarining ishini tashkil etish, ularning bilimi va ko‘nikmalarini oshirish, ularga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Oliy sudning Jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i Aziz Obidov mamlakatimizda gender masalasi davlat siyosatiga chiqqanini qayd etdi. Bu mavzuni, gender tengsizlik muammosi, oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq masalalar ommaviy axborot vositalarida yoritilishida ayrim muammolar yo‘q emas. Bu  mavzularni qonunlarga rioya etgan holda yoritishda sudlardagi axborot xizmatlari ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois, ularning bu boradagi bilimi, tajribasini oshirish uchun mazkur tadbir tashkil etildi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Akramjon Fozilov gender, zo‘ravonlik bilan bog‘liq mavzuni media maydonda yoritishda  ayrim muammolar uchrab turayotganini ta’kidladi. Ayrim onlayn nashrlarda shunday sarlavhalar qo‘yiladiki, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol aybdor qilib ko‘rsatiladi. Aslida bu jarayonda qonunchilikda belgilangan tamoyillarga rioya etish zarur. Birinchidan, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligini unutmaslik kerak. Qolaversa, jurnalist xolislikni hech qachon unutmasligi shart. Bu kabi mavzular to‘g‘ri yoritilishida sudlar axborot xizmatlarining o‘rni katta. Shu nuqtai nazardan, bugungi seminarning ahamiyati katta.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot xizmatlari bilan ishlash va tezkor munosabatlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i – gender masalalari bo‘yicha mas’ul vakil Sadoqat Aslanova axborot xizmatlari axborotni qanday tarqatsa, shu axborot talqini ham shunday bo‘lishiga e’tibor qaratdi.

Seminarda gender bo‘yicha treninglar mavzu bo‘yicha qonunchilik, mavzuni yoritishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar haqida ishtirokchilarga ma’lumot bermoqda.

Norgul Abduraimova,  

O‘zA