Amerikalik tadbirkor, hukumat samaradorligi bo‘yicha yangi departament (DOGE)ning bo‘lajak rahbarlaridan biri Ilon Mask 2030 yilga borib sun’iy intellekt (SI) yer yuzidagi mavjud barcha odamlarga tegishli har qanday aql-zakovatdan o‘zib ketishiga kafolat berdi.

– 2025 yil oxiriga kelib sun’iy intellekt har qanday odamning aql-zakovatidan oshib ketishi ehtimoli ortib boryapti, – deb yozgan Mask ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – 2027-2028 yillari barcha odamlar idroki yig‘indisi ham SI imkoniyatiga yeta olmaydi. 2030 yilga kelib bu ustunlik 100 foizni tashkil qiladi. Kompyuter insoniyat kelajagini belgilaydi va shunday davom etaveradi. Texnologiya allaqachon kelajakni boshqarmoqda.

Avvalroq Ilon Mask kelgusida robot va sun’iy intellekt odamga har qanday tovar va xizmatni taqdim eta olishi, mehnat qilish insonning sevimli mashg‘uloti, ya’ni ermagiga aylanishini aytgan edi. Shu bilan birga u SI rivojlanishiga biroz xavotir bilan qarayotganini ham yashirmay, bunday ehtimoliy tahdid haqida bir necha bor gapirgan. Masalan, sun’iy idrokni “siyosiy hushyorlikka” o‘rgatish xavfidan ogohlantirib, bunday SI bag‘rikenglikni targ‘ib etish o‘rniga “turli maqsadlarga yo‘naltirishi” mumkinligini ta’kidlagan.

– Sun’iy intellektning taraqqiyot uchun foydali tomoni ko‘pligiga qaramay, insoniyatga nisbatan xavfi ham bor, – deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

O‘tgan yozda u SI insoniyat uchun ekzistensial xavf keltirishi, davlatlar kech bo‘lmasdan bu tizimni tartibga solishlari kerakligidan ogohlantirgan edi.

S.Rahimov,O‘zA