Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
— Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, — dedi deputat Davron aripov. — Ushbu qonun loyihasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar — tergov sudyalari lavozimi joriy etish va ular tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga va jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida ham shaxs sud himoyasi ostida bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokamalarda bir qator savollar o‘rtaga tashlandi, mas’ullar xalq vakillarining savollariga javoblar qaytardi. Savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA