Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Majlisda dastlab iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda atroflicha ko‘rib chiqildi.
— Mamlakatimizda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish, tergov organlarining faoliyatini qonun ustuvorligi va qilmish uchun jazo muqarrarligini ta’minlash tamoyili asosida takomillashtirish, respublika moliya tizimi barqarorligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat Sherzod To‘xtashev. — Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga byudjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini ta’minlash, iqtisodiy jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilish sohasida qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Bu esa, o‘z navbatida, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining vazifalari va vakolatlarini amaldagi qonun hujjatlarida aks ettirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga ko‘ra ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Byudjet kodekslariga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish, davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, departamentga 7 turdagi iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshirish vakolati berilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlar tomonidan berilgan takliflar e’tiborga olinib, yanada takomillashtirildi. Loyihaning qabul qilinishi jinoyatlarni tergov qilish va byudjet qonunchiligi sohasida davlat organlarining vakolatlarini qonun hujjati bilan mustahkamlash, qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llanilishiga hamda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA