21 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy kengash deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlisning uchinchi ish kuni senatorlar tomonidan dastlab “Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda korporativ munosabatlarning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, yuridik shaxslarning o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim tashkiliy-huquqiy shakllarini tugatish va korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, korporativ munosabatlar va yuridik shaxslarni boshqarish jarayonini takomillashtirish, fuqarolik-huquqiy munosabatlarga yangi turdagi institutlarni joriy etish va ularning huquqiy maqomini belgilash, shuningdek, yuridik shaxslarning eskirgan yoki kam ahamiyatli yoxud o‘z ahamiyatini yo‘qotgan tashkiliy-huquqiy shakllarini bekor qilish zarurati yuzaga kelgan.
Muhokama qilingan qonun bilan unitar korxona va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat shakllarini tugatish, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ta’sis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabini bekor qilish hamda korporativ shartnoma, konsorsium va konsorsium shartnomasi kabi institutlarning huquqiy maqomini belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashlarining aksiyalar, korporativ obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risidagi qarorlarini huquqiy hujjatlarga muvofiq muhim fakt sifatida oshkor etish talabi kiritilmoqda.
Qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya berilganligiga taalluqli axborotni e’lon qilish belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun xo‘jalik jamiyatlarining faoliyatini va ularni boshqarishni soddalashtirish, korporativ munosabatlarni takomillashtirish, xo‘jalik jamiyatlarining aksiyadorlari va ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilishning yanada ishonchli vositalarini joriy etish, amaliyotda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qator tartib-taomillar hamda talablarni bekor qilish orqali korporativ munosabatlardagi byurokratiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda shaharsozlik sohasini takomillashtirish va ob’ektlarning seysmik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
So‘nggi 3 yilda 100 mingga yaqin ob’ektlar qurilishi ustidan Qurilish inspeksiyasi tomonidan davlat nazorati o‘rnatilgan.
Shunga qaramay ayrim quruvchilar tomonidan belgilangan normalarga amal qilmaslik holatlari ham ortib bormoqda. Jumladan, 2022 yilda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 6 mingdan ziyod huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2023 yilda bu raqam qariyb 8 mingtani tashkil qilgan. 2024 yilning faqatgina 11 oyida esa bu ko‘rsatkich qariyb 9 mingtani tashkil etgan.
Aniqlangan sifatsiz qurilish-montaj ishlari bo‘yicha 4 mingdan ziyod ob’ektda qurilish ishlari to‘xtatilib, uch yil mobaynida 1,5 mingga yaqin buzdirish ishlari amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan noqonuniy qurilishni amalga oshirish holatlari ham ko‘payib bormoqda. Xususan, 2022-2024 yilning o‘tgan davrida 13 mingdan ortiq ob’ektda davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Bu kabi kamchiliklarga turli tashkiliy hamda huquqiy bo‘shliqlar mavjudligi ham sabab bo‘lmoqda.
Xususan, ruxsatsiz qurilishni amalga oshirish, bosh rejaga, ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish qoidalariga rioya qilmaslikni hamda ko‘p kvartirali uylarni o‘zboshimchalik bilan yerto‘la va birinchi qavatini buzish yoki rekonstruksiya qilganlik uchun belgilangan ma’muriy jarimalar ta’sirchanligining pastligini misol sifatida keltirib o‘tish mumkin.
Hatto qonunchilikda loyihachi tomonidan beriladigan ko‘rsatmalarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.
Bu esa Qurilish inspeksiyasi va loyihachilarning ko‘rsatmalari buyurtmachi tomonidan bajarilmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Ko‘p kvartirali uylarning yerto‘la va birinchi qavati tayanch qismini o‘zboshimchalik bilan buzish yoki rekonstruksiya qilib, noturar ob’ektga aylantirish holatlari ortib bormoqda.
So‘nggi yillarda xorijiy mamlakatlarda, xususan, Turkiya, Marokash va Suriyada sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatida yuzaga kelgan turli xil talafotlar mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni ta’minlash, bino
va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga qaratilgan bir qator manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda.
Ayniqsa, aholi va hududlarni seysmik xavfdan himoya qilish borasida aniq maqsadga yo‘naltirilgan dasturlarni va ilmiy tadqiqotlarni doimiy amalga oshirib borish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslari hamda O‘zbekiston Respublikasi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuniga qurilishlar sifatini oshirish, binolar va inshootlar qonunga xilof ravishda qurilishining oldini olish hamda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga oid tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksning 2293-moddasiga qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanishga doir ruxsatnoma berish hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, ob’ektlarni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasiz qurganlik, ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirganlik va (yoki) rekonstruksiya qilganlik uchun shunday harakatlarga ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa jinoiy javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, bu uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan o‘zgartirish yoki buzilishlarni, shuningdek, ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun belgilangan jarima jazolari kuchaytirilmoqda.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shu bilan birga, navbatdagi yalpi majlisda “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham barchaning diqqat markazida bo‘ldi.
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama himoya qilish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Natijada odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ishlar tizimlashtirilib, ushbu jinoyatdan jabrlanganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
O‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali odam savdosi jinoyatini sodir etganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, muhokama davomida qonun bilan odam savdosi jinoyatini homilador ayolga nisbatan sodir etgan shaxslarga og‘irroq jazo choralarini belgilovchi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilayotganligi qayd etildi.
Senatorlar tomonidan mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga, ularga qarshi samarali kurashishga, bunday qilmishlar uchun mutanosib jazo choralari belgilanishiga, qolaversa, bolalar va xotin-qizlar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning ikkinchi yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Qonun cug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Amaldagi qonunchilikda sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish organi sudlarda ko‘riladigan majburiy sug‘urta operatsiyalari bilan bog‘liq ishlar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.
Biroq bu imtiyozlar iste’molchilar uchun, ya’ni sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) uchun belgilanmaganligi ularni sug‘urta faoliyatiga bo‘lgan ishonchini pasayishiga olib kelmoqda.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Sug‘urta bozorini rivojlantirish departamentiga faqatgina 2023 yilda majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta kompaniyalarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, qariyb 2 ming murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarning 1 600 dan ortig‘i transport vositalari egalari tomonidan yozilgan. Murojaatda fuqarolar transport vositalari majburiy sug‘urtalangan bo‘lsa-da, sug‘urta pullari to‘lab berilmayotganligidan norozilik bildirgan.
Fuqarolar tomonidan kiritilgan da’vo arizalari sudlar tomonidan qanoatlantirilmasa, ular o‘z hisobidan davlat bojini to‘lamoqda. Natijada ushbu fuqaro moliyaviy qiyin holatga tushishini o‘ylab, aksariyat holatlarda sudlarga da’vo arizasini kiritmay kelmoqda.
Muhokama qilingan qonun bilan fuqarolik va iqtisodiy sudlarda sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) – majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, qonun bilan ma’muriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgarganligi natijasida tadbirkorlik sub’ektlarining va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganda ularni qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji undirilmasligi to‘g‘risida norma ham belgilab qo‘yilmoqda.
Mazkur qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlarining va boshqa yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga, ularning faoliyatida ortiqcha xarajatlarning oldini olishga, shuningdek, cug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Qator qonunlarning o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va eskirgan ayrim normalari qayta ko‘rib chiqilmoqda, shuningdek, ba’zi normalarni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.
Xususan, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda tovar (ish, xizmat) haqidagi ma’lumotlarda normativ-huquqiy hujjatlarga yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqarish sanasi ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan tovarning ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilishi shartligi belgilanmoqda.
“Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda baholash tashkilotlaridan ustav fondiga bo‘lgan talab chiqarib tashlanmoqda.
“Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun bilan jismoniy shaxslar uchun investitsiya buyurtmanomasida shaxsni tasdiqlovchi hujjatning ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi majburiyati bekor qilinmoqda.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunga nogironligi bo‘lgan shaxslarda tibbiy-ijtimoiy ekspertiza o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarda ularning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat zonalari va tadbirkorlik zonalari hududida joylashgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini xususiylashtirish O‘zbekiston Respublikasining alohida qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonun qonun hujjatlaridagi ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlari bartaraf etilishiga, ulardagi normalarning amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham qizg‘in muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda xizmatlar ko‘rsatish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish, bu borada tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, karantin ostidagi mahsulotni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, mahsulotning fumigatsiyasi (zararsizlantirilishi) bo‘yicha tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, ushbu faoliyatni amalga oshirishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Muhokama qilingan qonun bilan Vazirlar Mahkamasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining o‘simliklar karantini sohasidagi vakolatlari kengaytirilmoqda.
Xususan, eksport qilinadigan karantin ostidagi mahsulotlarning fumigatsiyasi faoliyatini litsenziyalash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakolatiga kiritilmoqda.
Qonunda mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan karantin ostidagi mahsulotning fumigatsiyasi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalaganlik uchun davlat boji miqdori belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi eksport qilinadigan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) tadbirlarini xususiy sektorga o‘tkazish orqali ushbu faoliyatning samaradorligini oshiradi.
Shu bilan birga, eksport qilinadigan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) faoliyatida raqobat muhitini shakllantirish va xususiy sektor talabiga mos xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Senatning ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishda ayrim turdagi yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlashga oid taqiq belgilangan.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxati tasdiqlangan.
Mazkur ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni fuqarolar tomonidan noqonuniy saqlab kelinishi uchun qonunchilik hujjatlarida javobgarlik belgilanmaganligi natijasida yovvoyi hayvonlarni saqlash bilan bog‘liq qoidalarni qo‘pol tarzda buzish holatlari uchrayotganligi ta’kidlandi. Jumladan, 2022–2024 yillarda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf soluvchi 6 ta holat qayd etilgan.
Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlaganlik va odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik belgilashni, shuningdek, hayvonlarni saqlash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, Kodeks yangi 921-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan saqlaganlik uchun ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.
Xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, bunday holatda jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, ana shu hayvonlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, shaharlar va boshqa aholi punktlarida hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish, xuddi shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish va saqlash choralarini ko‘rmaslik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish nazarda tutilmoqda.
Agar shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonun saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning qonunga xilof ravishda saqlanishining oldini olishga, uy hayvonlarini saqlash tartibida nazarda tutilgan talablarga rioya etilishiga hamda aholining xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 14 ta masala, shu jumladan, 13 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati