“Hadsiz daryolar” xalqaro uyushmasi Tojikistondagi Rog‘un GES qurilishini yakunlash bo‘yicha muqobil variantlar tahlili jamlangan hisobot taqdim etdi, deb yozgan “Kazinform” agentligi.
Ekologlar Rog‘un to‘g‘oni balandligini 335 metrdan 265 metrga tushirishni taklif qilmoqda. Natijada ko‘chirilganlarni 40 000 dan 13 000 kishigacha kamaytirish imkoni paydo bo‘ladi, atrof-muhit uchun xavf, jumladan “Yo‘lbars nuri” qo‘riqxonasi va Vaxsh daryosi havzasidagi noyob baliq turlariga tahdid kamayadi.
Hujjat mualliflari tomonidan iqtisod qilingan mablag‘ni quyosh energiyasi rivojiga yo‘naltirish taklifi bildirilgan. Tahlilga ko‘ra, 2030 yilga kelib kichikroq gidroelektr to‘g‘oni bilan birga mamlakatdagi qishki elektr energiyasi taqchilligini to‘liq bartaraf etish mumkin.
Mutaxassislar fikricha, bunday yondashuv Tojikiston energetika tizimini iqlim o‘zgarishiga chidamli qiladi, bir xil energiya manbasiga qaramlikni kamaytiradi.
Hisobot Jahon banki direktorlar kengashiga taqdim etilib, ingliz va rus tillarida tarqatildi.
“Xovar” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, JB guruhi kengashi 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Rog‘un GES qurilishi birinchi bosqichini moliyalashtirish uchun 350 million dollar grant ajratish qarorini ma’qullagan.
Eslatib o‘tamiz, JB Qirg‘izistonga mamlakatning eng yirik energetika inshooti bo‘lmish “Qambarota GES-1” loyihasi uchun 13,6 million dollar ajratgan. Yevroosiyo taraqqiyot banki bashoratiga ko‘ra, 2029 yilga borib Markaziy Osiyoda surunkali suv tanqisligi va elektr energiyasiga talab ortib boradi.
Bundan tashqari Qozog‘istonda ham 3 viloyatning gidroenergetika salohiyati o‘rganilmoqda. Shuningdek, Rossiya bilan birga Irtishda GES qurish masalasi muhokama qilinyapti.
M.Pirmatova, O‘zA