“Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi.

2025/2026 o‘quv yilidan:

— sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;

— sport maktablarida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi;

— har bir ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat ta’lim muassasalari biriktiriladi;

— ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner o‘ziga biriktirilgan hududda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazib borishga mas’ul hisoblanadi.

2025/2026 o‘quv yilidan hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar faoliyati quyidagi yangicha tartibda tashkil qilinadi:

— sport turlari bo‘yicha mahorat maktablari tashkil qilinadi;

— mahorat maktablari faoliyati sport turlari bo‘yicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yo‘naltiriladi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiriladi;

— mahorat maktablari o‘quvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda 7–11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi;

— mahorat maktablari o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi;

— mahorat maktablarida oziq-ovqat bilan ta’minlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi.

O‘zA