O‘zA muxbiri “Xalqaro minbar” loyihasi doirasida O‘mon Sultonligi Savdo sanoat palatasining Janubiy Ash-Sharqiya muhofazasidagi boshkarmasi raisi Anvar Hamid Al-Sananiyning O‘zbekiston-O‘mon iqtisodiy salohiyatlari bo‘yicha fikrlarini yozib oldi.

– Yurtingizga tashrif buyurganimizda O‘zbekiston bozori faoliyatimiz uchun istiqbolli ekaniga amin bo‘ldim, -dedi u. – Ayniqsa, Sirdaryo viloyatida hamda O‘monning Toshkentdagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan biznes forumlar samarali tashkil etildi.

O‘lkalarimiz munosabatlarida asosan, istiqbolli imkoniyatlarga boy iqtisodiy soha ajralib turadi. Ikkala tomon uchun ham mazkur hamkorlikning eng yorqin samaralaridan biri 2010 yil tashkil etilgan, bugungi kunda investitsiya fondi aktivi 500 million dollardan oshgan yirik moliyaviy tuzilma – “UzOman Capital” O‘zbekistondagi ko‘plab kompaniyaga sarmoya kiritdi.

Aytish o‘rinliki, “UzOman Capital” investitsiya kompaniyalari orasida aktivlarni boshqarish bo‘yicha eng ilg‘or jamoa sifatida tan olingan. Quvonarli jihati, ikki davlat o‘rtasidagi savdo ayirboshlash hajmi sentyabr oyi oxirida 5,3 million O‘mon rialiga (13,77 million AQSH dollari) yetdi.

Shu nuqtai nazardan, bu tashrifimiz sarmoyaviy imkoniyatlarni, ayniqsa yashil energiya, infratuzilma, sayyohlik sektori, logistika xizmatlari va boshqa ko‘plab istiqbolli tarmoqlarni o‘rganish maqsadida bo‘ldi. O‘ttizga yaqin tadbirkorlar bilan O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi vakillari hamrohligida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurganimizda, hududning bir qator tadbirkorlik sub’ektlari xususan, “Elegant Fiber Textile” korxonasi, Yangiyer shahrida joylashgan “Yangiyer flour trading” un hamda qop ishlab chiqarish korxonasi, “Eco wood Plus” mebel ishlab chiqarish korxonasi, Hovos tumanida joylashgan “Chengiz Energy” gidroelektr stansiyasida bo‘lib, yangi loyihalar bilan yaqindan tanishdik.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘mon-O‘zbekiston biznes forumi hamda B2B formatdagi ikki tomonlama uchrashuvlar davomida imkoniyatlar va muammolar, potensial loyihalar haqida suhbatlashdik. Ushbu yig‘in orqali ishbilarmon doira vakillari aniq loyiha takliflari asosida biznes hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

E’tiborli tomoni, anjuman doirasida O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi va O‘monning “Thunder Logistics” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Shuningdek, “Bawadi Al-Shamal” savdo va pudratchi kompaniyasi ham yong‘oq va quritilgan mevalar eksportiga hissa qo‘shayotgan “Agro Bazaar” kompaniyasi bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlar doirasida hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika, ko‘chmas mulk boshqaruvi, mehmonxona biznesi va turizm kabi sohalarda qiymati yuqori bo‘lgan loyihalar bisyorligi bizga manzur bo‘ldi.

Muharrama Pirmatova yozib oldi. 

O‘zA