Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha kichik o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan Markaziy Osiyo ochiq chempionatida Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda mamlakatimiz vakillari raqobatlashmoqda.

“Paxtakor” sport majmuasida tashkil etilgan ushbu musobaqaning shpaga yo‘nalishi bo‘yicha yakkalik bahslarida 100 nafarga yaqin qilichbozlar o‘zaro bellashdi. Unda U12 yosh toifasida turkmanistonlik Zeynep Abdullayeva, U14 yoshli shpagachilar orasida hamyurtlarimiz Selimxon Mustafoyev va Zarina Hamroboyeva, U11 yosh toifasida qozog‘istonlik Amirali Amangajiyeva oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo chempionati 21 dekabr kuniga qadar davom etadi. Mazkur musobaqada sablya va rapira yo‘nalishlari bo‘yicha ham g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA