Parlament quyi palatasi majlisida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofali video-uchrashuvga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarini tatbiq etish orqali ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning jamiyatdan uzilib qolmasligini taminlash, jazoni o‘tab chiqqanidan so‘ng jamiyatga qayta moslashishiga ko‘maklashish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining tegishli moddalariga Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga masofadan video-uchrashuv huquqini berish orqali o‘z yaqinlari bilan onlayn uchrashish imkoniyatini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bunda masofali video-uchrashuv soni jazoni o‘tash tartibotiga qarab belgilanadi. Masalan, umumiy tartibli koloniyada jazo o‘tayotgan bo‘lsa, bir yilda 12 marta, qattiq tartibli koloniyada esa 8 marta video-uchrashuv o‘tkazishi, davomiylik muddati esa 15 minutgacha qilib belgilanmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, ushbu qonun loyihasi inson manfaatlariga xizmat qilishi, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofadan turib yaqinlari bilan video-uchrashuv huquqini ta’minlashga qaratilganini alohida qayd etdi. Shuningdek, ayrim savollarni o‘rtaga tashladilar.

— Masofali video-uchrashuvni tashkil etish uchun jazoni ijro etish muassasalarida zarur moddiy-texnik baza mavjudmi? 

Deputat Dildora Kamolovaning ushbu savoliga mutasaddilar tomonidan quyidagicha javob berildi: 

— Bugungi kunda amalda ham telefon va video-uchrashuvlar tashkil etib kelinadi. Video-uchrashuv uchun mahkumning oila a’zolari o‘z hududidagi muassasamizga borishi kerak. Endilikda onlayn platforma orqali amalga oshirish imkoniga ega bo‘lamiz. Hozirda bunday platformadan 45 tasi muassasalarimizga o‘rnatilgan. Qonun qabul qilinganidan so‘ng ular soni 150 taga yetkaziladi. Ushbu maxsus onlayn dastur mahkumning yaqinlarining telefon raqamlariga ulab beriladi.

Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA