Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida gandbol bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo chempionatida uchinchi kungi o‘yinlar yakuniga yetdi.
Musobaqa doirasida O‘zbekiston gandbolchilari Mo‘g‘uliston jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Uchrashuv mobaynida hamyurtlarimiz raqiblariga nisbatan tajribali ekanliklarini namoyish etishdi. Bahsda O‘zbekiston terma jamoasi 33:26 hisobida mo‘g‘ulistonliklarni dog‘da qoldirdi.
O‘tgan ikki turda Qirg‘iziston (41:29) va Qozog‘iston (38:32) jamoalarini yenggan gandbolchilarimizni keyingi turlarda 3 ta o‘yin kutib turibdi.
Bugun, 18 dekabr kuni terma jamoamiz yigitlari Turkmaniston terma jamoasi bilan kuch sinashadi.
Chempionatning 19 dekabrda o‘tadigan turida hamyurtlarimiz Pokiston, 20 dekabr sanasida Tojikiston jamoasi bilan bellashadi.
Bahslar 21 dekabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA