Qatarda FIFA tomonidan “The Best” sovrinini topshirish marosimi o‘tkazildi.

Ushbu sovrinning nominatsiya g‘oliblari 2023 yilning 21 avgustidan 2024 yilning 10 avgustigacha bo‘lgan davrdagi o‘yinlar natijalari inobatga olingan holda milliy jamoa sardorlari, murabbiylar, muxlislar va OAV vakillarining ovoz berishi orqali aniqlandi.

FIFA mavsumning eng yaxshi futbolchisi sifatida “Real” klubi hujumchisi, braziliyalik futbolchi Vinisius Juniorni e’tirof etdi. Ushbu nominatsiyaga Jud Bellingem, Dani Karvaxal, Kilian Mbappe, Federiko Valverde (“Real”), Erling Holand, Rodri (“Manchester Siti”), Toni Kroos, Lionel Messi (“Inter Mayami”), Florian Virts (“Bayer”) va Lamin Yamal (“Barselona”) kabi futbolchilar ham da’vogarlik qilgan edi.

Ushbu da’vogarlar orasida Vinisius Junior 48 ta ovoz to‘plagan holda g‘olib bo‘ldi.

Yilning eng yaxshi murabbiyi nominatsiyasida Madridning “Real” klubi ustozi Karlo Anchelotti g‘olib bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda Pep Gvardiola, Lionel Skaloni, Luis de la Fuente va Xabi Alonso kabi salohiyatli futbol murabbiylariga ham ovoz berilgan edi.

Shuningdek, yilning eng yaxshi darvozaboni argentinalik, “Aston Villa” klubi posboni Emiliano Martines bo‘ldi. U ikki yil oldin ham sovrin laureatiga aylangan edi. Yilning eng chiroyli goli, ya’ni “Pushkash” mukofoti — Alexandro Garnachoga topshirildi. “Manchester Yunayted”ning argentinalik yarim himoyachisi 2023 yil 26 noyabr kuni Premer-liga doirasidagi “Everton” darvozasiga qaychi uslubida kiritgan goli FIFA tomonidan yil goli deb topildi.

FIFA yil yakuniga ko‘ra dunyo ramziy jamoasini taqdim etdi: 

– darvozabon: Emiliano Martines («Aston Villa»);

– himoya: Vilyam Saliba («Arsenal»), Ruben Diash («Manchester Siti»), Antonio Ryudiger («Real»), Daniel Karvaxal («Real»);

– yarim himoya: Toni Kroos («Real»), Rodri («Manchester Siti»), Jud Bellingem («Real»);

– hujum: Vinisius Junior («Real»), Erling Holand («Manchester Siti»), Lamin Yamal («Barselona»).

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA