Soliq sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Davlat soliq xizmatiga tashrif buyurdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Ozarbayjonning soliq ma’muriyatchiligi va soliqqa tortish sohasidagi tajribasini o‘rganishdan iborat.

Har ikki tomon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yanada yuqori darajaga ko‘tarilayotgani va ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar chuqurlashib borayotganini e’tirof etdi.

Uchrashuvda keng qamrovli masalalar muhokama qilindi. Jumladan, “yashirin iqtisodiyot” darajasini pasaytirish vositalari, soliq qonunchiligini takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni Ozarbayjon Respublikasi qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligi sohasidagi tajribasiga alohida qiziqish bildirdi. Uch kunlik uchrashuvlar davomida Soliq qo‘mitasi vakillari QQS depozit hisob-raqamni yuritish mexanizmi, QQSni qaytarish tizimi va ushbu jihatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi o‘zgarishlar bilan tanishadi.

Uchrashuv yakunida bunday ishchi aloqalar va tajriba almashinuvi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga hamda har ikki davlatda samarali soliq boshqaruvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha umumiy yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA