Sport vazirligida “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda vazir Adham Ikromov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Adham Ikromov jarayonlarning umumiy holati bilan tanishdi. Sherzod Toshmatov yangi Olimpiya siklida terma jamoalardagi litsenziyalarga da’vogar sportchilar, ularning imkoniyatlari borasida ma’lumot berdi. Yig‘ilish davomida Oybek Qosimov hududlarda olib borilayotgan o‘rganish ishlari xulosasi bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

Yakunda iqtidorli sportchilarni seleksiya qilish, terma jamoalarning moddiy texnik-bazasini yaxshilash, sportchilarga doimiy ravishda mahalliy va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish kabi vazifalar, qolaversa, O‘zbekiston delegatsiyasini “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan Prezident qarori loyihasi uchun muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA