“Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) xalqaro nohukumat tashkiloti 2024 yil o‘ldirilgan jurnalistlarning uchdan bir qismi uchun Isroil mas’ul, deb hisoblamoqda. Tashkilotning tegishli hujjatida so‘nggi bir yil, ayniqsa, mojaro kechayotgan hududlarda hamkasblarimizga “hujum ko‘paygani” qayd etilgan.
– 2023 yil oktyabr oyidan buyon Isroil armiyasi 145 dan ziyod jurnalistni yo‘q qildi, ulardan kamida 35 nafari 2024 yil kasbiy burchini bajarayotganida nishonga olingan, 31 nafari ziddiyat hududida halok bo‘lgan, – deyiladi hisobotda. – Bu rekord ko‘rsatkich.
RSF qayd etishicha, so‘nggi yillarda Falastin va G‘azo sektori jurnalistlar uchun eng xavfli hududga aylangan. Oxirgi 5 yil G‘azoda dunyo bo‘yicha eng ko‘p jurnalist xizmat chog‘ida halok bo‘lgan.
Umuman, 2024 yil bunday holat Yaqin Sharqdan keyin Osiyoda tez-tez kuzatilgan. Masalan, joriy yil Pokistonda 7, Bangladeshdagi norozilik namoyishlarida 5 nafar qalam sohibi ish ustida qurbon bo‘ldi. Ayni payt sayyoramizda 550 jurnalist qamoqqa tashlangan. Bu miqdor avvalgi yilga nisbatan 7,2 foiz oshgan. OAV vakillaridan 55 kishi garovda ushlab turilibdi, 95 nafari bedarak yo‘qolgan.
Avvalroq YUNESKO Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishiga barham berish xalqaro kuni munosabati bilan barcha davlatlarni ayni holatlarni tugatish bo‘yicha majburiyatni bajarishga chaqirgan edi. Tuzilmaning yangi hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha hamkasblarimizga qaratilgan noqonuniy harakatlar javobsizligi darajasi hamon yuqori: 85 foiz. So‘nggi olti yil ichida bu raqam atigi 4 foiz kamaydi.
Oktyabr oyida G‘azo sektori ma’murlari Isroil hujumi natijasida anklavda 175 dan ko‘p jurnalist halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu ma’lumotni Falastin hukumati matbuot xizmati shu hafta yana bir bor tasdiqladi.
Qatardan efirga uzatiladigan Al-Jazira telekanali G‘azo shimolida Isroil harbiylari telekanal xodimlariga qarata o‘t ochganda tasvirchi Fodi Al-Vohidiy ko‘kragidan o‘q yegani, avgust oyi boshida o‘z muxbirlari Ismoil Al-Gul va Rami Ar-Rifiy o‘qdan halok bo‘lganini ma’lum qildi. O‘tgan yil oktyabrida tasvirchi Samir Abu Dikka o‘ldirgan, muxbir Voil Al-Dahduh og‘ir yaralangan.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti hisobotida 2023 yil dunyo bo‘ylab 45 jurnalist kasbiy burchini bajarayotib, vafot etgani keltirilgan. Ularning aksari urush kechayotgan hududda edi, deydi mazkur inson huquqlari tashkiloti.
Qayd etilishicha, so‘nggi 20 yil ichida bunday fojialarning eng ko‘pi 2012-2013 yillarga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni, bu davrda 140 dan ortiq OAV xodimi bevaqt o‘lim topgan. Ularning asosiy qismi, yuqorida ta’kidlanganidek, Suriya va Iroqdagi janglar tufayli halok bo‘lgan ekan.
S.Rahimov, O‘zA