Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi “WAM” xabar berishicha, Fujayra Savdo-sanoat palatasi Direktorlar kengashi raisi Shayx Said bin Surur Al-Sharqiy va mamlakatimizning BAAdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdulaziz Aqqulov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida sarmoya va savdo missiyalari almashinuvini ko‘paytirish orqali Fujayra Amirligi hamda O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro imkoniyatlarni o‘rganish maqsadida qo‘shma tadbirlar, forumlar o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Tovar ayirboshlashni kengaytirish, o‘zaro aloqa mexanizmini ishlab chiqish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Shayx Said bin Surur Al-Sharqiy iqtisodiy munosabatlar mustahkamligi, o‘zaro savdo ko‘rsatkichi so‘nggi yillarda sezilarli o‘sganini yuqori baholadi.
Shuningdek, O‘zbekiston BAAning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori ekani, Fujayra palatasi esa ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va sarmoya aloqalarini mustahkamlash, ishbilarmon doiralarga qo‘shimcha imkoniyat yaratishdan manfaatdorligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, elchimiz Fujayra bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga, tabiiy resurslardan foydalanishga asoslangan sanoat sohalarida istiqbolli imkoniyatlar yaratishga va mamlakatimizda taqdim etilgan muhim tarmoqlar neftni saqlash, logistika xizmatlari va turizmga sarmoya kiritishga intilishini ta’kidladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA