Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun hamda 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Byudjetnoma muhokama qilindi.

Muhokama davomida 2025 yil uchun Davlat byudjetida ham xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolingani, Davlat byudjeti xarajatlarining asosiy qismi yoki 52 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgani alohida ta’kidlandi.

Xususan, 2025 yilda ta’lim va fan sohasi uchun 86,3 trillion so‘m (2024 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 17,8 foiz ko‘p) yoki Davlat byudjeti xarajatlarining 25 foizi miqdoridagi, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlari uchun 41,3 trillion so‘m yoki 2024 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8 foizga oshgan holda mablag‘ rejalashtirilmoqda.

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining Sirdaryo va Toshkent shahrida to‘liq joriy etilishini yakunlagan holda ularni 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.

Senatorlar 2025 yilgi Davlat byudjeti bajarilishi ustidan mahalliy kengashlarning tegishli doimiy komissiyalari bilan hamkorlikda parlament nazoratini amalga oshirishga kelishib oldi.

Majlisda palma yog‘i va uning fraksiyalaridan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalanishni kamaytirish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Tarkibida gidrogenlangan palma yog‘i mavjud bo‘lgan mahsulotlar yurak qon-tomir va boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishini ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizga palma mahsulotlarining importi oshdi. Jumladan, O‘zbekistonning Malayziyaning palma mahsulotlariga qiziqishi 2023 yilda 2022 yilga nisbatan 60 foizga oshgan. Tashvishlanarlisi, 2022 yilda O‘zbekistonga import qilingan 86 ming tonna palma yog‘idan 18 ming tonnasi gidrogenlangan palma yog‘i hisoblanadi. Bu esa, mamlakatimizda palma mahsulotlariga talab ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shu bois, senatorlar tomonidan oziq-ovqat sanoatida palma yog‘idan foydalanishni tartibga solish va aholini sifatsiz o‘simlik yog‘larini iste’mol qilishdan himoya qilish zarurati mavjudligi qayd etilib, kelgusida mas’ul vazirlik va idoralardan bu boradagi takliflar olinishi va natijasi bo‘yicha qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlanishi ta’kidlandi.

***

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida ham “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun atroflicha muhokama qilindi.

Davlat byudjetini shakllantirishda Senat tashabbusi bilan kiritilgan takliflar ham qayd etib o‘tildi. Xususan, Senat takliflari asosida 200 loyiha uchun 1,7 trillion so‘m ajratilishiga erishilgan. Shundan 110 milliard so‘mlik loyihalar madaniyat va sport ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash bilan bog‘liq.

Majlislar yakunida muhokama qilingan masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA