O‘z uy-joyiga ega bo‘lish – o‘zbek xalqi uchun eng muhim hayotiy masalalardan biri. Bu borada yurtimizda uy-joy qurilishiga katta e’tibor qaratilib, minglab oilalar o‘z uyiga ega bo‘lmoqda. Jumladan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar uy-joy bilan ta’minlab kelinmoqda.

Ammo ayrim hollarda yangi qurilayotgan uy-joylarni sotib olishda xaridorlar aldovlarga, turli firibgarliklarga duch kelayotgani ham sir emas. Ya’ni, hali qurilishi boshlanmagan uy-joylar uchun shartnoma tuzib, pullarini to‘lashyapti, lekin uydan darak bo‘lmayotgani tez-tez uchrayotgan holatdir.

Shuning uchun davlatimiz rahbari tomonidan uy-joy sotib olish uchun eskrou hisoblarining kafolatlangan yangi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu tizimning huquqiy asosini yaratish maqsadida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Bu haqda Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, iqtisod fanlari nomzodi Ulug‘bek Vafoyev batafsil ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda qurilish sohasi rivojiga katta ahamiyat berilmoqda. Oxirgi yetti yil ichida yurtimizda qariyb 100 milliard dollarlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Ushbu sohadagi ishlar hajmi yiliga o‘rtacha 7-8 foizga oshib bormoqda. Shu vaqt ichida qurilish materiallari sanoatiga 9 milliard dollar sarmoya kiritilib, 5 mingga yaqin yangi korxona ishga tushirildi, 94 ming doimiy ish o‘rni yaratildi.

Biroq sohada erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda, ayrim muammolar ham mavjud. Oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida yangi qurilayotgan uy-joylar sotuvida xaridorlarni aldash holatlari bo‘yicha xabarlar tez-tez uchrab turibdi. Fuqarolar ayrim nopok qurilish korxonalarining yolg‘on va’dalariga ishonib, hali qurilishi boshlanmagan uy-joylar uchun shartnoma tuzib, oldindan katta miqdordagi mablag‘larini ularga ishonib berib qo‘ymoqda. Natijada qurilish korxonalari tomonidan pullarni maqsadsiz sarflash, talon-toroj qilish yoki ularning bankrotga uchrashi oqibatida ishonuvchan fuqarolar mablag‘laridan ajralib qolishmoqda. Eng achinarlisi, fuqarolarning bu pullarini qurilish korxonalaridan undirib olishning deyarli imkoniyati mavjud emas.

Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan uy-joy sotib olish uchun eskrou hisoblarining kafolatlangan yangi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Bunda banklar uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurish va uni egasiga topshirishni kafolatlab, quruvchi va xaridor o‘rtasida vositachi va kafil vazifasini bajaradi. Mazkur yo‘nalishda ya’ni, eskrou hisob-raqamlar tizimini joriy etish bo‘yicha mamlakatimizda dastlabki qadamlar qo‘yilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida, shuningdek, Toshkent shahrining Yangihayot va Sergeli tumanlarida ushbu tizim sinovdan o‘tkazilmoqda. Shubhasiz, eskrou hisob-raqamlar tizimining joriy etilishi fuqarolarning uy-joy qurilishidagi ishtirokini yanada xavfsiz va ishonchli qiladi.

Fikrimizcha, bugungi kunda yangi qurilayotgan uy-joylar sotuvida eskrou hisob-raqamlar tizimining samarali ishlashi uchun mamlakatimiz qonunchiligida yetarli asoslar mavjud emas. Shuning uchun mazkur yo‘nalishda alohida qonun qabul qilinishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida turar joylarni qurishda jalb qilingan aholi mablag‘larini himoya qilish kafolatlarini yaratish maqsadida eskrou to‘lov tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qilish vazifasi belgilangan. Ushbu vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida ishchi guruhi va ekspertlarimiz tomonidan «Uy-joy qurilishida fuqarolarning hissadorlik ishtirokini tartibga solish va ularning moliyaviy huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, bugungi kunda mutaxassislar tomonidan muhokama qilinmoqda. Mazkur qonunning maqsadi uy-joy qurilishida fuqarolarning hissadorlik ishtirokini tartibga solish, hissadorlarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash, qurilish sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, qurilish jarayonida shaffoflik va ishonchlilikni oshirish, quruvchilarning mas’uliyatini kuchaytirish va ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlashdan iboratdir.

Qonun loyihasi tayyorlanishi jarayonida bir qator xorijiy davlatlar qonunchiligi o‘rganib chiqildi. Jumladan, Rossiya, Germaniya, AQSH, Kanada va Xitoy davlatlarida uy-joy qurilishida ishtirok etuvchi fuqarolarning moliyaviy himoyasini ta’minlash bo‘yicha qonunchiligidagi asosiy mexanizmlar tahlil qilindi. Masalan, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, hissadorlar mablag‘lari maxsus eskrou hisob-raqamlarda saqlanadi. Qurilish tugagandan so‘ng quruvchiga mablag‘lar o‘tkaziladi. Agar quruvchi bankrot bo‘lsa, mablag‘lar hissadorlarga qaytariladi. Davlat kompensatsiya jamg‘armasi hissadorlarning moliyaviy xavflarini qoplash uchun yaratilgan. Qurilish tugallanmagan taqdirda hissadorlarga kompensatsiya beriladi.

Germaniya qonunchiligiga ko‘ra esa quruvchilar qurilishni boshlashdan oldin bank kafolati taqdim qiladi. Kafolat hissadorlar mablag‘larini himoya qiladi. Bosqichma-bosqich to‘lovlar qurilish bosqichlari yakuniga ko‘ra to‘lanadi. Mustaqil ekspertlar qurilish sifatini nazorat qiladi. Sug‘urta tizimi qurilishdagi barcha moliyaviy xatarlarni sug‘urta qiladi.

Bu kabi xorijiy tajribalarni tahlil qilish O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirish uchun muhim saboqlar beradi va qonun loyihasi ishlab chiqilishida quyidagi asosiy yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi: eskrou hisob-raqamlar tizimini yaratish, davlat kompensatsiya jamg‘armasini tashkil etish, quruvchilarning moliyaviy barqarorligi va litsenziyalash tizimini kuchaytirish, qurilish jarayonida axborot shaffofligini ta’minlash, sug‘urta tizimini majburiy tartibda joriy qilish, davlat tomonidan nazorat va auditni kuchaytirish.

Fikrimizcha, «Uy-joy qurilishida fuqarolarning hissadorlik ishtirokini tartibga solish va ularning moliyaviy huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining qabul qilinishi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy qilinayotgan uy-joy sotib olish uchun eskrou hisoblarining kafolatlangan yangi tizimi uchun mustahkam huquqiy asos yaratib beradi. Fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash va qurilish jarayonining shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.