Davlatimiz rahbari qayd etganidek, ayollar huquqlarini ishonchli ta’minlash, xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalarida Senat alohida faollik ko‘rsatdi.
Oxirgi besh yilda yuqori palata tomonidan 106 marta hisobotlar eshitilgani, ijro organlariga 1,3 ming so‘rov kiritilgani ham muhim ijobiy natijadir.
Ayni paytda esa Senat shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirishga e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish, xalq bilan bevosita muloqotda tushayotgan shikoyatlarni hal qilish bo‘yicha amaliy faoliyatini kuchaytirmoqda.
Zotan, joylardagi mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganish va hal etish, saylovchilarni eshitish va ularga yechim topish xalq vakillarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Izboskan tumanida bo‘lib, aholi bilan muloqot qildi.
Unda Gudur va Toshloq mahallalari aholisi suyultirilgan gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazilishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish masalasini ko‘tardi.
Mazkur murojaat qisqa fursatda ijobiy hal etildi hamda Izboskan tumaniga ajratilgan yettita mashina propan gaz ballonlariga yana qo‘shimcha yetti mashina gaz ballonlari yetkazilishiga erishildi.
Shu bilan birga, Gudur mahallasining Mirzo Ulug‘bek, Tarovat, Hidoyat ko‘chalarini kesib o‘tuvchi katta yo‘lning 6 km qismini asfaltlash bo‘yicha tushgan murojaat mutasaddilar bilan birga atroflicha o‘rganildi. Hozirgi vaqtda yo‘lning katta qismi tekislandi hamda shag‘al yotqizish ishlari amalga oshirildi.
Mutaxassislarning ko‘rsatmalariga binoan hozir qishli-qirovli kunlar bo‘lgani uchun asfaltlash ishlari bahor-yoz oylarida bajarilishi rejalashtirildi.
Senatorlarning joylarda saylovchilar va aholi murojaatlarini qonun doirasida ijobiy hal qilish ishlari davom etmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA