O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Rossiya Federatsiyasining Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr va kartografiya federal xizmati rahbari Oleg Skufinskiy boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, Kadastr agentligi direktori Farrux Po‘latov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Muloqot davomida mamlakatimizda kadastr sohasini rivojlantirish, davlat kadastr baholash tizimini joriy etish, ushbu yo‘nalishda texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sohani raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va ilg‘or jahon tajribalaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Mehmonlar tomonidan mazkur hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar, shu jumladan, Toshkent shahrida eksperiment tariqasida o‘tkazilgan ommaviy baholash natijalari haqida ma’lumot berildi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Uchrashuvda tizimni takomillashtirish, raqamli platformalar yaratish hamda keyingi bosqichlardagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi.

So‘ngra tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va yanada mustahkamlashga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA