Chunki endilikda barcha elektron ma’lumotlar qonuniy asosda raqamli dalil bo‘lib xizmat qiladi.

Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi qulaylik yaratishi bilan birga, ayrim xavf-xatarlarga ham sabab bo‘lmoqda. Chunki kibermakonda g‘araz niyatli kimsalar ham yo‘q emas.

Eng achinarlisi, shaxsga doir ma’lumotlarni o‘zlashtirish orqali o‘zganing plastik kartalaridagi pullarini o‘zlashtirish, hisob-raqamlarga kiberhujum uyushtirish kabi huquqbuzarlik va jinoyatlar soni ortib bormoqda.

Amaldagi protsessual qonunchilik hujjatlarida elektron dalillar tushunchasi, ulardan foydalanish tartibi va shu bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilmagan, raqamli dalillarga qanday ma’lumotlar kiritilishi qonunchilikda belgilanmagan edi.

2024 yil 21 noyabrda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ana shu bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qiladi.

Qonun bilan Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga hamda “Notariat to‘g‘risida”, “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, mazkur qonunlardan elektron ma’lumotlar va raqamli dalillar tushunchasi, raqamli dalillarni to‘plash, taqdim etish, mustahkamlash, ko‘zdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish hamda yo‘q qilish tartibi o‘rin oldi.

Qonunga ko‘ra, elektron ma’lumotlar – elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan ma’lumotlardir.

Endilikda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar tomonidan taqdim etilgan elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi. Elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan birlamchi elektron jismlarni ko‘zdan kechiradi.

Qonun bilan raqamli dalillar tushunchasi ham qayd etilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar, shu jumladan, elektron tarzdagi fayllar, audio va videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmog‘ida saqlanayotgan ma’lumotlar, shuningdek, boshqa elektron ma’lumotlar raqamli dalil bo‘lishi mumkin.

Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan o‘xshashligi saqlansagina yo‘l qo‘yiladi. Ular ish materiallari bilan birga saqlanadi.

Qonunda raqamli dalillarni olish, ularni ko‘zdan kechirish va tekshirish kabi protsessual harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq normalar ham belgilangan.

Qonun axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etish imkoniyati ortishiga, tergov va odil sudlov sifatining oshishiga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova,

O‘zA