O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida eksporter va eksport bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan barcha tadbirkorlar bilan ochiq davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan uchrashuvda tovarlar eksportini amalga oshirish bosqichlari, yaratilgan sharoitlar va talab etiladigan hujjat turlari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Xususan, “Eksport 3 qadamda” moduli, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi afzalliklari taqdimot ko‘rinishida amaliy misollar bilan tushuntirildi.
Ta’kidlash joizki, “eksport 3 qadamda” modulida bugungi kunda qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar tomonidan jami 2 mingga yaqin deklaratsiya yuborilgan. Hozircha avtomobil transportidagi tashishlarga joriy etilgan mazkur moduldan birgina oktyabr oyida 97 foiz eksporter-tadbirkor foydalanib, o‘z mahsulotlari eksportini amalga oshirgan. Bu esa, 9 bosqichli eksport jarayonlarining endilikda faqat 3 bosqichda amalga oshirilishini ta’minlovchi mazkur modul imkoniyatlaridan foydalanish darajasi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yana bir imkoniyat, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi afzalliklaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2021-2022-yillarda bironta tadbirkorlik sub’ekti foydalanmagan bo‘lsa, yaratilgan yengilliklar va olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida 2023 yilda 5 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan qiymati 630 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan va joriy yil o‘tgan davrida 18 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan qiymati 3 million AQSH dollariga teng tovarlar ushbu rejimdan foydalangan holda eksport qilingan.
Davra suhbati davomida ushbu rejim afzalliklari, undan foydalanish shartlari va talablariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, tadbirkorlar bojxona, soliq, bank, o‘simliklar karantini va boshqa yo‘nalishlarda eksport amaliyotlarida mavjud tartibotlar va yaratilgan sharoitlar bo‘yicha savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri