O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasi va xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlari deputat guruhlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda OʻzMTDPdan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga va Xalq deputatlari Nukus shahri va barcha tuman Kengashlariga saylangan deputatlar, partiya vakillari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlis kun tartibida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi OʻzMTDP fraksiyasi hamda xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlaridagi deputat guruhlarining 2019-2024-yillardagi faoliyati sarhisobi hamda galdagi vazifalar belgilandi.

Yigʻilishda oʻtgan davrda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi, Joʻqorgʻi Kengesidagi “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi va Xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlaridagi deputat guruhlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan muvaffaqiyat bilan birga kamchiliklar tanqid qilindi. Shuningdek, deputatlar tomonidan muntazam ravishda belgilangan jadval asosida oʻz saylovchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, aholining kam taʼminlangan, yordamga muhtoj qatlamlariga koʻmak berilayotgani hamda galdagi vazifalarga toʻxtalib oʻtildi.

Majlisda taʼkidlanganidek, Prezidentimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqida bildirgan fikr va tashabbuslari xalqimiz hayotining eng ustuvor yoʻnalishlarini, kelajagini belgilovchi strategik katta ahamiyatga ega boʻlib, ushbu vazifalar ijrosiga partiyadan saylangan barcha deputatlar birdek masʼul ekanligi taʼkidlanib, joriy va kelgusi yillarga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar va deputatlar oldidagi asosiy vazifalar bayon etildi.

Shunga muvofiq, deputatlar vakolatlari doirasida oʻz okruglaridagi tuman va shahar darajasida soʻrov va talabni hech tortinmasdan kuchaytirishlari kerak degan fikrlarning asl mohiyatini anglagan holda har bir deputat oʻz vakolatidan unumli foydalangan holda, yanada masʼuliyatli boʻlishi talab qilinadi.

Natijada, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan asosiy vazifalardan biri boʻlgan, Xalq deputatlari kengashi soʻrovi va tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Yigʻilish soʻngida koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha tegishli qaror qabul qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

Dovud Abibullayev,

OʻzA muxbiri