2025 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasida kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar to‘lash, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tizim tashkilotlari (bolalar va mehribonlik uylari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari), suv xo‘jaligi tashkilotlarini saqlash xarajatlarini respublika byudjetidan moliyalashtirish tartibi o‘zgarishsiz qolmoqda.
Byudjetnomada aholi salomatligiga ichimliklarning zararli ta’sirini kamaytirish maqsadida 2025 yil 1 apreldan boshlab tarkibida shakar mavjud bo‘lgan meva sharbatlari, kvas, kompot, salqin choylarga ham gazlangan shirin ichimliklar bilan bir xil miqdorda, ya’ni 1 litr uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘ini joriy etish va boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylantiruvchi moddalar mavjud bo‘lgan ichimliklar uchun pastroq – 1 litri uchun 300 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilash taklif etilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilar ekan, ushbu masalalarga e’tibor qaratildi.
Fraksiya a’zolarining fikricha, aynan bir turdagi gazlangan ichimlikni ishlab chiqarishda shakar yoki boshqa shirinlantiruvchi modda qo‘shilganini aniqlash amaliyotda soliq ma’murchiligini keltirib chiqaradi. Natijada soliqdan qochish yoki belgilanganidan ko‘ra kamroq soliq to‘lashga intilish kuchayadi. Shundan kelib chiqib, bunday tabaqalashtirilgan aksiz solig‘ini belgilashdan ko‘ra, joriy yildagi stavkani (1 litr uchun 500 so‘m) saqlab qolish maqsadga muvofiq.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari Davlat byudjeti loyihasi yuzasidan munosabat bildirib, davlat byudjetining taqsimoti bilan bog‘liq savollariga mas’ullardan atroflicha javoblar oldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA