Bugun Toshkent shahrida IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasining birinchi kungi tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur keng ko‘lamli tadbir O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan Indoneziya Respublikasi, BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) ko‘magida hamda Britaniya Kengashi, Osiyo taraqqiyot bankining Rivojlanish instituti va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Unda xorijiy va mahalliy tashkilotlar mas’ullari, shuningdek, 75 mamlakatdan 2 mingdan ziyod kreativ soha rahbarlari va yetakchilari ishtirok etdi.
Anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova, UNCTAD bosh kotibi Rebeka Grinspan xonim va boshqalar mazkur nufuzli tadbir iqtisodiyotning kelajagi va eng yangi texnologiyalar, shu jumladan, sun’iy intellektning ushbu jadal rivojlanayotgan sohaga ta’sirini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni ekanini ta’kidladi.
Qayd etish kerakki, «Inklyuziv kreativlik: o‘zgaruvchan reallik» deb nomlangan asosiy mavzu asosida ishtirokchilar texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan bog‘liq ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hamda barqaror kelajakni shakllantirishda kreativ sanoatlarning o‘rnini tahlil qilishga asosiy e’tibor qaratdi.
–Konferensiyaga yetmishdan ziyod davlatdan ishtirokchilarning qaytnashayotgani uning nufuzi yuqori ekanidan dalolat beradi. Sizlarning mashaqqatli mehnatingiz va yorqin iste’dodingiz tufayli musiqa, rassomlik, kino, animatsiya, moda, dizayn kabi sohalarda dunyo miqyosida yirik loyihalar amalga oshirilayotganini yuksak qadrlaymiz. Bunday noyob mahsulotlar jahonda turli millat, til va dinga mansub milliardlab insonlarni umumbashariy qadriyatlar atrofida birlashtirishga xizmat qilmoqda. Bugungi anjumanning aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani ham bejiz emas. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan yurtimiz asrlar davomida Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni o‘zaro bog‘lab, nafaqat savdo-sotiq, balki madaniyat, adabiyot, san’at, yangi g‘oya va texnologiyalarning keng yoyilishi uchun mustahkam ko‘prik bo‘lgan. Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy kabi dunyoga mashhur allomalar va shoirlar yaratgan boy ilmiy meros va ijodiy asarlar G‘arb Uyg‘onish davri uchun munosib hissa qo‘shdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida biz ham Yangi O‘zbekistonni yaxshi ta’lim, ilm-fan, kino, musiqa, amaliy san’at sohalarida yirik kompaniyalarni o‘ziga jalb etadigan kreativ industriya markazi sifatida shakllantirishni o‘z oldimizga maqsad va vazifa qilib qo‘ymoqdamiz. Ishonchim komilki, anjuman kunlarida bu boradagi imkoniyatlarimizni dunyo hamjamiyatiga yaqqol namoyon etamiz, – dedi A.Aripov.
Anjumanda aytib o‘tilganidek, IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasi 2018 yilda ilk bor Indoneziyada tashkil etilgan va kreativ iqtisodiyot masalalarini muhokama qilish uchun yetakchi xalqaro platforma sifatida o‘zini namoyon qilgan. WCCE barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va resurslarga bog‘liq iqtisodiyotdan bilim iqtisodiyotiga o‘tishda kreativ sohalarning rolini ta’kidlab, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Madaniy va kreativ sanoatlar har yili taxminan 2,3 trillion AQSH dollari miqdorida daromad keltirib, global yalpi ichki mahsulotning 3,1 foizini tashkil qiladi. 2030 yilga kelib bu ko‘rsatkich 10 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Shundan kelib chiqib, ushbu konferensiyada ma’ruzachilar o‘z bilimi va tajribasini ishtirokchilar bilan o‘rtoqlashmoqda. Ular orasida Britaniya Kengashining kreativ iqtisodiyot dasturi direktori Rehana Mugal ham bor. U bugun kreativ iqtisodiyot bo‘yicha erishilgan yutuqlar haqida ma’ruza qildi.
–Avvalo, ushbu tadbirda qatnashganimdan xursandman. Buyuk Britaniya kreativ iqtisodiyot bo‘yicha yetakchilik qiladi. Negaki, biz ko‘plab sohalar rivojida kreativ yondashuvga ahamiyat qaratganmiz. Umuman, jamiyat hayotining gullab-yashnashi, o‘sishi faqat mablag‘ga emas, balki boshqa jihatlarga ham bog‘liq. Keyingi paytda biz sog‘lom turmush tarziga katta e’tibor qaratganimiz uchun barcha sohalar teng rivojlanyapti. Sun’iy intellektning ish o‘rinlariga ta’siri borligi bois, bugun kreativ iqtisodiyotning imkoniyatlarini yanada yaqqol namoyon etishimiz zarur. Anjumanning birinchi kunida bu borada erishilgan yutuqlarimiz to‘g‘risida so‘zlab berdim, –dedi Rehana Mugal.
Uch kun davom etadigan mazkur tadbir doirasida plenar yig‘ilishlar, panel muhokamalar, vorkshoplar va mahorat darslari, shuningdek, qator tanlovlar o‘tkaziladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri