So‘nggi paytlarda xalqaro jamoatchilik Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT)ning mintaqada muhim hamkorlik modeliga aylanib borayotganini e’tirof etmoqda. Ushbu platforma shakllanishiga ko‘ra nisbatan yosh bo‘lsada, erishgan muvaffaqiyatlari bilan qisqa vaqt ichida aniq strategik maqsadlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega xalqaro tashkilot sifatida o‘zini ko‘rsata boshladi.

TDT tashkil etilishining tarixiy zarurati

Dunyo o‘zgarib, har kunimiz turli chorlovlar, muammo va inqirozlar bilan yuzlashayotir. Ayrim davlatlardagi notinchliklar, urushlarning kuchayishi, global oziq-ovqat va energetika inqirozi hamda uning butun dunyo iqtisodiga ta’siri, inflyatsiya bosimining ortishi, jahon va milliy iqtisodning zaiflashib borayotgani, millionlab odamlarning qashshoqlashishi, AQSH – Xitoy ziddiyatlarining kuchayishi va Osiyo davlatlaridagi qutblanish xalqaro tizimning xavotirli ekanligini ko‘rsatadi. Buning ustiga COVID-19 pandemiyasi iqtisodiy turg‘unlikni yanada chuqurlashtirdi. Bir so‘z bilan aytganda, Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘rnatilgan tartib hozirgi xalqaro tizimni qo‘llab-quvvatlayolmay qoldi. Jahon ijtimoiy-siyosiy tizimida tub o‘zgarishlar kechayotgan bir sharoitda Osiyodagi muhim mintaqaning qanday taraqqiy etishi, kelgusida uning istiqbolini kimlar yoki nimalar belgilashi, bunda o‘tmishi va kechmishi bir bo‘lgan turkiy davlatlar xalqlarining siyosiy kayfiyati, ijtimoiy faolligi qanday bo‘lishi kerakligi masalasi muhim strategik maqsadga aylandi. Shu nuqtayi nazardan mamlakatlarning o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikka asoslangan munosabatlarini belgilovchi rasmiy tashkilotning ta’sis etilishi zamon taqozosi edi.

Sovet tuzumi parokanda bo‘lgach, Markaziy Osiyodagi davlatlar va Ozarbayjon o‘zining suverenitetini e’lon qildi hamda xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektiga aylandi. Gegemon davlatlar ko‘lankasida yo‘q bo‘lib ketmaslik yoxud, yot g‘oyalar ta’sirida boshqa bir kuchli davlatning qaramiga aylanmaslik uchun ham har bir davlat mustaqil ravishda o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilab, xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishga harakat qila boshladi.

Ayni shu davrda Turkiy davlatlarning birlashish g‘oyasi dolzarb masala sifatida kun tartibiga chiqdi. Aslida bu g‘oyaning ilgari surilishi yangilik emas edi. Buyuk Amir Temur ham turkiy xalqlarni birlashtirgan yagona Turonni orzu qilganligi tarixdan ma’lum. Aynan shu mas’uliyatni Turkiya o‘z zimmasiga oldi. Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlar, Turkiya va Ozarbayjon tuzilma safiga kirdilar. O‘zbekiston va Turkmaniston esa tashkilotga a’zo bo‘lmadi va «ijobiy neytralitet» pozitsiyasida turdi. Ammo yangi tashkilot uchun bu ikki davlat ahamiyatli hisoblangan. Zero, O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi turkiy tilda so‘zlashuvchi aholining yarmi istiqomat qilar, Turkmaniston esa isbotlangan gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni egallab turgan edi.

Biroq ushbu siyosiy platforma tizimli ravishda tashkil qilinmaganligi, ilgari surilayotgan tashabbuslarning esa moliyaviy ta’minoti yo‘qligi sababli, shuningdek, mintaqadagi musulmon davlatlari dunyoviylik tamoyillari asosida rivojlangani bois, 1991-1996 yillarga kelib Turkiyaning yangi turkiy tilli respublikalar shakllanishidagi ishtiroki pasaydi. Faqatgina 1996 yilga kelib bu real siyosiy vositalar va uzoq muddatli hisob-kitoblar bilan ta’minlangan tuzilmaga aylandi va keyinchalik, buning isboti sifatida turkiy tilli davlatlar Kengashi ta’sis etildi.

TDTning tadrijiy rivojlanishi

1992 yil 30 oktyabrda Turkiyaning tashabbusi bilan birinchi «Turkiy tilli davlatlar sammiti» Anqara shahrida o‘tkazildi. Unda Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston rahbarlari ishtirok etdi. Prezidentlarning navbatdagi sammitlardagi uchrashuvlari 1994, 2001 va 2010 yillarda Istanbulda, 1995 yil Bishkekda, 1996 yil Toshkentda, 1998 yil Ostonada, 2000 yil Bokuda, 2006 yil Antaliyada bo‘lib o‘tdi.

2009 yilda Naxichevanda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (Turkiy Kengash) tashkil etildi. Ushbu tuzilma hukumatlararo tashkilot sifatida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi turkiy davlatlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish edi. Naxichevan sammitining yakuniy hujjatida ham turkiy davlatlarning mintaqa va dunyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shish istagi ifodalangan.

Keyingi yillarda Kengash sohaviy hamkorlikni institutsionallashtirish va Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi (TURKPA), Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Xalqaro Turkiy Akademiya kabi boshqa yordamchi platformalarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar Kengashiga rasman 2019 yilning sentyabr oyida a’zo bo‘ldi. Bunga sabab O‘zbekistonda yangi islohotlar davrining boshlanishi, «Yangi O‘zbekiston» pozitsiyasi va xalqaro munosabatlarda ko‘p tomonlama platformalarga ochiqlik edi. Prezident Sh.Mirziyoyev «ochiq va konstruktiv tashqi siyosat eng avvalo, milliy manfaatlar uchun» degan pozitsiyani ilgari surdi.

2021 yil noyabr oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan tarixiy sammitda Turkiy Kengash Turkiy davlatlar tashkiloti sifatida qayta tashkil etildi. Sammit davomida Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) hamkorlari to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Tenglik, ishonch, manfaatdorlik, o‘zaro maslahatlashuv va hamkorlik orqali taraqqiyotga intilish ruhida yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik va hamkorlik salohiyatidan foydalanish TDTning asosiy maqsadlariga aylandi. Ya’ni, «Buyuk Turon» tushunchasi orqali barcha turkiyzabon xalqlarni bir super konfederatsiyaga birlashtirish nazarda tutilgan edi. Yangi tuzilma uchinchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan konstruktiv hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun ochiq ekanligini ham bayon qildi.

Hamkorlik ko‘lamini kengaytirishning strategik ahamiyati

Tashkilot mamlakatlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish asnosida, birinchidan, Kavkaz va Markaziy Osiyoda yangi rivojlanayotgan transport hamda energetika yo‘laklari tarmog‘i bo‘ylab ishonchli, xavfsiz va hamkorlik kamarlarini bog‘lashni rejalashtirdi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini kengaytirish, shuningdek, tashkilotning iqtisodiy mustaqilligi va farovonligiga erishish bilan birga, global xurujlar, masalan, Afg‘oniston hududidan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi turish omili sifatida ham kerak edi. Ikkinchidan, Tashkilotga a’zo davlatlarning o‘ta geosiyosiy ambitsiyalar va yaratilayotgan transmilliy loyihalar faoliyatida ishtirok etayotgan boshqa xalqaro kuchlar bosimiga qarshi turishida o‘zaro ko‘maklashishi ham dolzarblik kasb etadi. Uchinchidan, madaniy o‘ziga xoslikni saqlab qolish nuqtayi nazaridan ham bu tashkilot muhim hisoblanadi.

TDT xalqaro maydonda samarali, konstruktiv va manfaatlar tengligi asosida ish olib borayotgan tashkilot sifatida baholanib borar ekan, uning safiga qo‘shilish istagida bo‘lgan davlatlar soni ham ortib bormoqda.

Masalan, 15ga yaqin davlatlar, jumladan, Rossiya Federatsiyasining ayrim tarkibiy tuzilmalari (Chuvashiya, Boshqirdiston, Tatariston, Qrim Respublikasi, Tuva va boshqalar), Gagauziya (Moldova Respublikasi tarkibidagi avtonom hududiy birlik) va Xitoy Xalq respublikasining Shinjon Uyg‘ur avtonom viloyatidagi turkiy xalqlar ham bu platforma orqali hamkorlik qilish istagini bildirgan.

Hozirgi kunda Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston TDTning to‘laqonli a’zosi, Turkmaniston va Vengriya davlatlari esa kuzatuvchi maqomidadir.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, TDTning salohiyati unga a’zo davlatlarning o‘zaro birdamligida ko‘rinadi. Tashkilot o‘z safini kengaytirish orqali xalqaro doirada ta’sir kuchi va imkoniyatlarini oshirish, turkiy davlatlar o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy integratsiyani faollashtirish, davlatlarning bugungi kun chorlovlariga moslashishi uchun fan- texnologiyalar hamda innovatsiya sohalarida yangi loyihalarni joriy qilish, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash kabi bir qator rejalarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi, pandemiya va iqtisodiy bo‘hronlar sharoitida ham muammolarni hal etishda a’zo davlatlar kuchlarini birlashtirish tashkilotning mavqei tobora oshib borayotganidan dalolatdir.

Barchinoy Jo‘rayeva,

xalqaro jurnalist.