Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda AQSH Prezidentining nogironligi bor shaxslarning xalqaro huquqlari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Sara Minkara o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Aziz Abduhakimov iqlim o‘zgarishi oqibatlari, ayniqsa, iqlim migratsiyasi, chang bo‘ronlari va iqlim bilan bog‘liq sog‘liq muammolari tobora murakkablashib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida sezilarli ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, nogironligi bor shaxslarning huquqlarini ta’minlash masalasiga taalluqli barcha sohalarda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish choralari ko‘rilayotgani alohida qayd etildi.
Yig‘ilishda iqlim o‘zgarishining nogironligi bor shaxslarga nomutanosib ta’siri ham muhokama qilindi. A. Abduhakimov jamiyatning muhim qismi bo‘lgan nogironligi bor shaxslarning hissasini hisobga olmasdan turib, barqaror rivojlanishga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi. Muloqot jarayonida noqulay muhitdan qochish maqsadida nogironligi bor shaxslar sayohat qila olmasligi mumkinligiga e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda vazir O‘zbekiston tashabbusi bilan UNWTOning inklyuziv turizm bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilinganini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida, S. Minkara nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun turizmning inklyuzivligi va undan foydalanish imkoniyatini ta’minlash muhimligini hamda butun mamlakat bo‘ylab tegishli sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi. AQSH Prezidentining maxsus maslahatchisi bu borada barcha texnik yordam ko‘rsatish, jumladan, turli tadbirlar, seminarlar, treninglar va forumlar o‘tkazish, shuningdek, nogironligi bor shaxslarning muammolari haqida aholini keng xabardor qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida AQSH oliy ta’lim muassasalari, Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti “Green University” hamda Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda tadbirlar o‘tkazish borasida hamkorlik yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA