Fransiya poytaxti Parij shahrida XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari toboro qizg‘in pallaga kirmoqda. Dzyudo bo‘yicha vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi bellashuvlar o‘tkazildi. Unda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Diyora Keldiyorova barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi va ushbu medal mamlakatimiz xotin-qizlari o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari tarixidagi birinchi oltin medal sifatida tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitildi.

Diyora Keldiyorovaning ushbu muvaffaqiyati zamirida mamlakatimizda ayollar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor mujassam. Ilgari xotin-qizlarimizning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini tasavvur qilib bo‘lmas edi. Bunday nufuzli musobaqalardagi g‘alabalar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Bugun esa bari o‘zgacha, xotin-qizlarimiz nafaqat sport, balki boshqa sohada ham ancha ilg‘or va yurt sharafini dunyo uzra yanada yuksaltirmoqda.

Dzyudochi qizimiz D.Keldiyorova 1998 yil 13 iyul kuni Samarqandda tavallud topgan. Olti yoshida dastlab sambo, keyinchalik dzyudo sport to‘garagida shug‘ullanishni boshladi. Diyora  tuman, shahar va viloyat miqyosidagi sport musobaqalarida toblanib, o‘z ustida tinimsiz mehnat qildi. 2013 yil Diyora Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida 44 kilogramm vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2016 va 2018 yillarda dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ham bronza medallariga sazovor bo‘lgan.

2016 yil Toshkentda kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasida finalga qadar barcha raqiblarini yengib, kumush medal sohibiga aylandi. Shu yili Prezident qarori bilan Diyora Keldiyorova Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 2018-2022 yillarda o‘tgan jahon va qit’a birinchiliklari, Gran-pri hamda “Katta dubulg‘a” turnirlari, Osiyo o‘yinlari kabi bir necha nufuzli musobaqalarda bir qator medallar shodasiga ega chiqdi.

Diyora Keldiyorova 2023 yilda Qatarning Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush, Gruziya va Mo‘g‘ulistondagi “Katta dubulg‘a” musobaqalarida oltin va bronza medali sohibiga aylandi. Xitoy mezbonligidagi Osiyo o‘yinlarining dzyudo musobaqalarida barcha raqiblarini yengib, Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi va delegatsiyamizga ilk oltin medalni keltirdi. Shuningdek, aralash jamoaviy bahslarda kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Joriy yilgi mavsum esa dzyudochimiz uchun ham muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Dastlab, Portugaliyada dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasida, so‘ngra Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yana bir ahamiyatli jihati, ushbu g‘alabalar evaziga D.Keldiyorova jahon reytingi peshqadamiga aylandi. Hongkongda kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida bronza medali bilan taqdirlandi. Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan jahon chempionatida ikkinchi o‘rindan joy oldi.

Shu kabi nufuzli musobaqalarda toblangan Diyora Olimpiya o‘yinlari arafasida bir necha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida “Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorlandi. Davlatimiz rahbarining «2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori bunga muhim dasturilamal bo‘ldi.

Yuqori darajadagi tayyorgarlik va o‘z oldiga qo‘yilgan ulkan maqsad o‘z samarasini berdi.

To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida Diyora Keldiyorova o‘z ishtirokini 1/18 final bosqichidan boshladi. Dzyudochimiz ilk bahsda to‘rt karra jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, 5 yildan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan yaponiyalik Uta Abega qarshi bahs olib bordi. Mazkur bellashuvda Diyora kuchli raqibini ippon evaziga yengdi va raqibini arenadan ko‘z yoshlar bilan tark etishiga majbur qildi.

Diyora Keldiyorova chorak final bosqichida germaniyalik Masha Bollxausni, yarim finalda fransiyalik Amandin Busharni, final bahsida esa kosovalik Distriya Krasnichini dog‘da qoldirib, nafaqat dzyudo balki sportimiz tarixida Olimpiya o‘yinlarining oltin medaliga ega bo‘ldi.

Albatta, bu g‘alabani qo‘lga kiritishning o‘zi bo‘lmaydi va buni birgina sportchining uzi uddalashi qiyin. Diyoraning Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lishi, avvalo, davlatimiz tomonidan sportchilarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir.

– Olimpiya o‘yinlariga uzoq muddat tayyorlandik. Har bir raqibim kuchli bo‘lishini bilgan edim. Kuchlilarni yutmagunimcha, kuchli bo‘la olmasligimni yaxshi tushunib turgan edim. Men har bir bahsda davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, o‘zbek millati dunyoda hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligini isbotlash haqida o‘ylab bellashdim. G‘olib bo‘lganimdan so‘ng qalbim faxr-iftixorga to‘ldi, ko‘zlarimda quvonch yoshlari qalqidi. O‘zimni dunyodagi eng baxtli ayol kabi his qildim. G‘alabalarim zamirida murabbiylarim, sportimiz mutasaddilari va bizga barcha imkoniyatni yaratib berayotgan davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari yotibdi. Meni doimo qo‘llab-quvvatlayotgan va duo qilayotgan xalqimizdan minnatdorman, – dedi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Diyora Keldiyorova.

Ha, bugun yurtimizda Olimp cho‘qqisini zabt etishga qodir katta tajribaga ega sportchilar soni ko‘paymoqda. Ular dunyo arenalariga dadil qadamlar bilan kirib kelmoqda. Ana shunday ulkan zafarlarni qo‘lga kiritayotgan farzandlari bor yurtning kelajagi buyuk bo‘ladi.

Umid qilamizki, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan sportchilarimiz ulkan g‘alabalari bilan xalqimizni quvontirishda davom etadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA