O‘zbekiston delegatsiyasi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia taklifiga binoan Makka shahrida bo‘lib o‘tayotgan 48-Haj anjumanida ishtirok etdi. Bu yilgi mazkur tadbir “Haj amalini ado etishda qonuniy ruxsatnomalarga va amaldagi qoidalarga rioya qilish”ga bag‘ishlandi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, shuningdek, O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodirjon Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasining “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashesi Shuhrat Omoniy va bir qator soha mutasaddilari qatnashdi.

Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan anjumanni mamlakat Haj va umra ishlari vaziri kirish so‘zi bilan ochib, martabali mehmonlarni Makkai mukarramaga tashriflari va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutladi. Haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida so‘zladi.

Xalqaro anjumanda Saudiya Arabistoni Podshohligining ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatishdagi madaniy va sivilizatsiyaviy roli haqida so‘z yuritildi. Musulmonlarga xizmat qilish uchun Ikki Muqaddas Masjiddagi eng muhim loyiha va katta o‘zgarishlar taqdimot qilindi. Shuningdek, haj amalini ado etishda qonuniy ruxsatnomalarga va amaldagi qoidalarga rioya qilish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Mazkur simpoziumda Saudiya Arabistoni Vazirlar Mahkamasi qoshida Masjidul Haram va Masjidun Nabaviydagi diniy ishlar bo‘yicha mustaqil apparat rahbari Shayx Abdurrahmon as-Sudays, Islom olami uyushmasi Bosh kotibi, Musulmon olimlar hay’ati raisi, Shayx Doktor Muhammad Abdulkarim al-Iso, Saudiya Arabistonidagi Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi raisi Doktor Qutb Mustafo Sanu, Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysi, Doktor Shavqiy Ibrohim al-Allom va boshqa martabali ulamolar ishtirok etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu simpozium 1970 yildan buyon har yili o‘tkaziladi. Bu yilgi anjumanda 50 dan ortiq davlatdan 500 dan ziyod olim va mutafakkirlar mavzu yuzasidan muhim masalalarni muhokama qildi.

N.Usmonova tayyorladi, O‘zA