Xabaringiz bor, kuni kecha Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati va 2027 yilgi Osiyo kubogi qo‘shma saralash bosqichida terma jamoalar 4-tur uchrashuvlarini o‘tkazdi.
Saralashning «A» guruhida Afg‘oniston safarda Hindiston terma jamoasini 2:1 hisobida yengdi. Qatar esa Quvayt mehmoni bo‘ldi hamda 2:1 hisobida zafar quchdi.
Shu tariqa, Qatar ochkolar sonini 12 taga yetkazib olgan holda «JCH-2026» saralash 3-bosqichi va «OK-2027»ga yo‘l oldi. Hindiston va Afg‘oniston 4 ochko bilan ikkinchi hamda uchinchi, Quvayt esa 3 ochko jamg‘argan holda 4-so‘nggi pog‘onada bormoqda. Shuningdek, ushbu jamoalar o‘rtasidagi kurash so‘nggi turga qadar davom etadigan bo‘ldi.
«B» guruhida Yaponiya safarda KXDR bilan o‘yin o‘tkazishi lozim edi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra, mazkur o‘yin o‘tkazilmaydigan bo‘ldi va KXDRga texnik mag‘lubiyat yozilishi kutilmoqda. Bu degani Yaponiya terma jamoasi ushbu turda 3:0 hisobidagi tayyor g‘alabaga ega bo‘ladi va ochkolari 12 taga yetgan holda yuqoridagi ikki yirik turnirga yo‘l oladi. Suriya va Myanma terma jamoalari o‘yini 7:0 hisobida yakunlandi. Mazkur muvaffaqiyatdan so‘ng Suriya 7 ochko bilan ikkinchi pog‘onaga chiqib oldi. KXDR hisobida 3 ochko va Myanmada esa 1 ochko bor va ular quyi pog‘onalardan joy olgan.
Hozirgi vaziyatda Suriya ham ushbu saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi deyishimiz mumkin. Biroq ularning aniq maqsadiga yetishlari uchun keyingi turda KXDR ustidan g‘alaba qozonishi kerak.
«S» guruhida ham kutilmagan natijalar qayd etildi. Unda Tailand o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Janubiy Koreyaga 3:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Singapur safarda Xitoydan 4:1 hisobida yengildi. Hozirda ushbu guruhda Janubiy Koreya terma jamoasi 10 ochko bilan karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, Xitoy 7 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rindan joy oldi. Tailand 4 ochko bilan uchinchi, Singapur esa 1 ochko bilan hamon autsayder bo‘lib turibdi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, bu guruhda Janubiy Koreya deyarli «JCH-2026» va «OK-2027» yo‘llanmasini hal qildi. Xitoy va Tailandda hali bu imkoniyat so‘nggi turgacha saqlanib qoladi.
«D» guruhidagi vaziyat hamon murakkabligicha qolmoqda. Gap shundaki, ushbu guruhda 4-turdan so‘ng Qirg‘iz Respublikasi, O‘mon, va Malayziya terma jamoalari «JCH-2026» va «Osiyo kubogi-2027» yo‘l olish imkoniyatiga ega. Faqatgina Xitoy Taypei barcha uchrashuvlarda mag‘lub bo‘lgan holda to‘rtinchi o‘rinda qolmoqda. Jumladan, kecha Qirg‘iz Respublikasi o‘z maydonida Xitoy Taypeini 5:1 hisobida yenggan bo‘lsa, O‘mon mehmonda Malayziyani 2:0 hisobida taslim qildi. Ushbu natijadan so‘ng, Qirg‘iz Respublikasi va O‘mon ochkolari 9 taga yetdi va gollar nisbatiga ko‘ra birinchi hamda ikkinchi o‘ringa joylashdi. Malayziya esa 6 ochko jamg‘argan holda 3-o‘rinda qoldi. Nazarimda, ushbu guruhda uchta terma jamoa so‘nggi turgacha navbatdagi bosqich yo‘llanmasi uchun kurashadi.
Biz uchun muhim bo‘lgan «Ye» guruhida Turkmaniston o‘z maydonida Eronga 0:1 hisobda mag‘lub bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi esa «Bunyodkor» stadionida Hongkong darvozasiga javobsiz 3 ta gol urdi. Shu tariqa, Eron va O‘zbekiston bir xil 10 ochko to‘pladi va 2027 yilgi Osiyo kubogi hamda 2026 yilgi jahon chempionati saralashining 3-bosqichi yo‘llanmasini naqd qildi. Hongkong va Turkmaniston hamon 1 ochko jamg‘argan holda 3-4 pog‘onada qoldi hamda nufuzli musobaqalardan umidini uzdi.
«F» guruhida Iroq 4-tur doirasida Filippin mehmoni bo‘ldi va mezbonligiga qaramasdan raqib jamoasi darvozasiga 5 ta golni joylab qo‘ydi va 12 ochko bilan ushbu saralashdan muddatidan avval o‘tdi. Filippin esa 1 ochko bilan 4-o‘rinda qoldi. Indoneziya esa bu safar Vetnam termasi muxlislari ko‘z o‘ngida 3:0 hisobidagi muvaffaqiyatga erishdi hamda 7 ochko bilan ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Vetnam esa 3 ochko bilan keyingi o‘ringa tushib ketdi. Darvoqe, Indoneziya ham yana bir g‘alabaga erishsa, Vetnam qolgan ikki turning birida mag‘lub bo‘lsa, Iroq terma jamoasi ortidan navbatdagi musobaqalarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
«G» guruhidan o‘rin egallagan Tojikiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘yin 1:1 hisobida tugadi. Bu natijadan so‘ng 10 ochko to‘plagan Saudiya Arabistoni guruhda birinchi o‘rin bilan «JCH-2026»ga yo‘l oldi. Tojikiston esa 5ochko bilan uchinchi pog‘onani band qildi. Iordaniya o‘z uyida Pokistonni 7:0 hisobida taslim etdi. Mazkur yutuqdan so‘ng Iordaniya 7 ochko to‘pladi va 2-o‘ringa chiqib oldi. Pokiston hali birorta ochkoni qo‘lga kiritgan yo‘q.
Ma’lumot uchun, 2027 yilgi Osiyo kubogi Saudiya Arabistonida o‘tishi bois, ushbu terma jamoa mazkur musobaqa saralashida ishtirok etmaydi. Shu sababli, mazkur guruhda Iordaniya va Tojikiston terma jamoalari «OK» va «JCH-2026» 3-bosqichi yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin.
«H» guruhida BAA – Yaman va Bahrayn – Nepal o‘yini bir xil 3:0 hisobida o‘z poyoniga yetdi. Ushbu natijadan so‘ng BAA 12, Bahrayn 9, Yaman 3 ochko bilan guruhda ketma-ketlik bilan joylashdi. Nepal esa 0 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qoldi. Ushbu terma jamoalar orasida BAA takror va takror yuqorida aytayotgan musobaqalarimiz «chiptasi»ga ega chiqdi. Bahrayn ham ushbu saralashdan o‘tishga juda yaqin turibdi.
Falastin 4-turda ham Bangladeshni mag‘lub etish uddasidan chiqdi – 1:0. Avstraliya esa Livanga safar qilib, bir yo‘la 5:0 hisobidagi g‘alaba bilan yurtiga qaytdi. Endi esa «I» guruhida quyidagi holat yuz berdi. Avstraliya 12 ochko bilan guruh karvonboshisiga aylandi. Falastin esa 7 ochko bilan ikkinchi, Livan 2 ochko bilan uchinchi, Bangladesh esa 1 ochko bilan to‘rtinchi o‘ringa joylashdi. Shuningdek, Avstraliya muddatidan avval saralash bosqichidan o‘tdi. Falastin ham ushbu saralashdan chiqish ostonasida turibdi. Bu ostonadan o‘tish esa 5-turda hal bo‘lishiga ishonamiz.
Mazkur saralash bosqichining 5-tur o‘yinlari joriy yilning 6-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA