Bugun, 26-mart kuni Osiyo qit’asida «JCH-2026» va «Osiyo kubogi-2027» musobaqalari saralash turnirining ikkinchi bosqich 4-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.

Unda Bangladesh – Falastin, Filippin – Iroq, Xitoy – Singapur, Vetnam – Indoneziya, Tailand – Janubiy Koreya, Hindiston – Afg‘oniston, Qirg‘iziston – Tayvan, Malayziya – Ummon, O‘zbekiston – Gonkong, Turkmaniston – Eron, Tojikiston – Saudiya Arabistoni, Quvayt – Qatar, Suriya – Myanma, Iordaniya – Pokiston, Bahrayn – Nepal, Yaman – BAA terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.

Mazkur uchrashuvlar orasida biz uchun ahamiyatlisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Gonkong termasiga qarshi o‘tadigan javob o‘yinidir. «Ye» guruhidan o‘rin olgan ushbu uchrashuv bugun soat 19:30da «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu safargi bahsda terma jamoamiz, to‘liq ko‘k libosda, darvozabonimiz esa yashil libosda maydonga tushadi. Milliy jamoamiz ushbu o‘yinda g‘alaba qozonsa, muddatidan oldin jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichi va 2027-yili Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan Osiyo kubogining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Uchrashuvdan oldin O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruhdagi o‘tgan o‘yinlarini yodga olsak. Saralash bosqichining ilk turini futbolchilarimiz safarda Turkmanistonga qarshi o‘tkazdi. 1:3 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2-turda Toshkentda Eron termasi bilan jangovar o‘tgan o‘yinda 2:2 hisobida durang qayd etdi. O‘tgan hafta esa uchinchi tur doirasida Gonkongni mehmonda 0:2 hisobida dog‘da qoldirdi. Bu natijalardan so‘ng guruhda 7 ochko to‘plagan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Hozirda guruh peshqadami Eronda ham 7 ochko mavjud bo‘lib, faqat gollar nisbatiga ko‘ra terma jamoamizdan oldinda turibdi. Turkmaniston va Gonkong esa 1 ochko jamg‘argan holda quyi pog‘onada bormoqda. O‘z o‘zidan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston va Eron ushbu guruhdan navbatdagi bosqichga chiqish imkoniyatini deyarli hal etgan. Ushbu jamoalar uchun o‘z maqsadlariga yetishish uchun birgina g‘alaba kifoya va katta ehtimol bilan ushbu muvaffaqiyatga bugun erishadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes kutilmaganda sog‘lig‘i bilan yuzaga kelgan muammolar tufayli o‘z vatani Sloveniyaga jo‘nab ketgan va Gonkong bilan bo‘ladigan o‘yinda ishtirok etmaydi. Milliy jamoamiz murabbiy assistenti Alesh Cheh boshchiligida o‘yin o‘tkazadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA