Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Orolni qutqarish Xalqaro fondi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filialining qo‘llab-quvvatlashi bilan xlorella yetishtiruvchi laboratoriya ishga tushirildi.
Mutaxassisligi bo‘yicha ekolog bo‘lgan yosh tadqiqotchi Sevara Rustamova respublika sharoitida xlorella biotexnologiyasini yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. U foydali xususiyatlarga ega bir hujayrali xlorokokk suv o‘ti bo‘lib, asosiy makoni ko‘llar hisoblanadi. Afsuski, Orol dengizi suvining qurib, ko‘llarning yo‘q bo‘lib ketishi bilan ushbu o‘simlik 10-yildan ziyod vaqtdan buyon deyarli uchramadi.
Xlorella hujayralarida 23 aminokislota bo‘lib, makro va mikro vitaminlarga, shuningdek, karotinga boy hisoblanadi. Uni yetishtirish uchun hovuz, oqar va quduq suvlaridan foydalanish mumkin. Davlatimiz rahbarining 2023-yilning 30-mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Nukus yoshlar texnoparkida bo‘lib, yosh fermer va olimlarning quritilgan organik pomidor, oqova suvlarni tozalash va baliqlarga ozuqabop o‘simlik loyihalari bilan tanishdi. Prezidentimiz bu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, amaliyotga kengroq joriy etish topshirig‘ini bergan edi.
Ushbu topshiriq ijrosi sifatida Sevara Rustamovaning Qoraqalpog‘iston sharoitida “Chlorella vulgaris” o‘simligini intensiv ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligida qo‘llash, yantoq va qamishdan foydalangan holda gidroponika usulida tayyorlanadigan mahsulot asosida chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik xo‘jaliklari uchun innovatsion ozuqa ishlab chiqarish loyihasiga Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. Shu bilan birga, ushbu organizmni to‘liq o‘rganish va yetishtirish uchun Taxiatosh tumani “Nayman” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 3,8 gektar yer maydoni ajratildi.
Bugungi kunda tumandagi 6 ta ko‘lda oqar suv va havoni tozalaydigan bir hujayrali suv o‘ti ko‘paytirilmoqda. Natijada Taxiatosh issiqliq elektr stansiyasidan chiqadigan chiqindi suvlarni tozalash uchun foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Chunki xlorella past darajadagi suvning ichida yashil oziqlantiruvchi o‘rnini bosa oladi.
Yosh innovator xlorellani tabiat jonkuyari deb hisoblaydi. Uning yordamida qishloq xo‘jaligida yangi innovatsion uslublardan intensiv tarzda foydalanish loyihasini ishlab chiqdi. Ushbu loyiha uchun Orolni qutqarish Xalqaro fondi Ijroiya qo‘mitasi Nukus filiali tomonidan 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilib, “Bio organic export products” jamiyati negizida organik laboratoriya ishga tushirildi. Onalik hujayrani yetishtiruvchi ushbu organik laboratoriyada har oyda 25–30 tonna xlorella suspenziyasi intensiv uslubda yetishtirilmoqda.
–Xlorella tuproqning hosildorligini oshirish va zaharli kimyoviy moddalar bilan zararkunandalarning oldini olishda ko‘plab afzalliklarga ega, – deydi yosh tadqiqotchi Sevara Rustamova. – Shuningdek, ushbu suv o‘tini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda organik biostimulyator sifatida foydalanish mumkinligi ilmiy jihatdan isbotlangan. Shu bilan birga, oqar suvlarni biologik tozalashda, yopiq ekotizimlarda havoni qayta tozalashda va fotosintez jarayonlarni o‘rganishda keng miqyosda foydalaniladi.
Eng asosiysi, xlorella inson salomatligi uchun foydali bo‘lib, organizmdagi toksinlarni olib tashlaydi va aksariyat patologik holatlarning oldini oladi. Oqsil va yog‘ga boy mayda suv o‘ti insonning turli infeksiyalarga qarshi immunitetini oshiradi. Uning tarkibidagi lyutein va zeaksantin ko‘z nurini yaxshilashga, zararli ultra nurlanishdan himoyalanishga yordam beradi.
Sevara Rustamova rahbarlik qilayotgan “Yosh olimlar akademiyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyat a’zolari insoniyatni ekologik xavf-xatarlardan himoya qilishga xizmat qilmoqda. Yer qatlamini cho‘llanish va qurg‘oqchilik egallab olayotgan bir davrda qoraqalpog‘istonlik yosh olimlar befarq bo‘lmasdan, tabiiy va innovatsion yo‘l bilan muammoga yechim topishga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.