Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni joriy yilda uy-joylar hamda “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida barcha hududlarda yangi uy-joylar barpo etilmoqda. Shu bilan birga, odamlarning xarid imkoniyatini kengaytirish uchun to‘rt yil oldin ipoteka tizimining bozor tamoyillariga asoslangan yangi tartibi joriy qilindi. Unga muvofiq, o‘tgan davrda barcha manbalardan 100 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bularning hisobiga hududlarda 6 mingta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 250 ming oila yangi boshpanali bo‘ldi. Daromadi yuqori bo‘lmagan 45 mingta oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovi uchun 2,4 trillion so‘mlik subsidiyalar berildi.

Jumladan, o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘yicha 85 mingta yoki 2022-yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p xonadon qurildi. Aholiga 17 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi.

Aholi sonining o‘sishini inobatga olib, bunday ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yilgi dastur doirasida 100 mingta uy-joy qurish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Avvalo yangi uylarning sotuv narxi va sifatiga e’tibor qaratilib, nomutanosibliklar ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga qurilish tannarxini pasaytirish va uylar sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu maqsadda, taklifni ko‘paytirish uchun ko‘p qavatli uy-joylar qurilishiga qo‘shimcha yerlar auksionga chiqarilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari bu sohada aholi va quruvchilar uchun qator yangi imkoniyatlar berilishini ma’lum qildi.

Bu yil ipotekani moliyalashtirish uchun barcha manbalardan 22,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Jumladan, ipoteka kreditlari uchun qariyb 10 trillion so‘m, daromadi yuqori bo‘lmagan 20 ming oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovini qoplash uchun 2,3 trillion so‘m beriladi.

Pudrat tashkilotlarining aylanma mablag‘ini ko‘paytirish uchun 500 milliard so‘m resurs yo‘naltiriladi. Bunda yillik 16 foiz stavkada 12 oylik imtiyozli davr bilan 18 oyga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Bu maqsadlarga banklar ham o‘z mablag‘larini kiritadi.

Qurilish ishlari hamda aholining uy-joy sotib olishi uchun ham qo‘shimcha yengilliklar yaratiladi. Xususan, endi 5 qavatli uylarni barpo etishga kamida “qoniqarli” va 9 qavatli uylarga “o‘rta qoniqarli” reytingiga ega bo‘lgan pudratchilar jalb qilinadi. Bu – qo‘shimcha 2 mingga yaqin pudratchiga yo‘l ochib beradi.

Turar joylar qurilishida “yashil” standart joriy qilinadi. U asosida bunyod etiladigan uy uchun pudratchilarga kreditlar bir foiz past, ya’ni yillik 15 foiz stavkada beriladi.

Pudratchilarga kreditlar bo‘yicha kafillik berish va foiz xarajatini qisman qoplashga Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Uy qurilishi uchun maxsus texnikalar importi bo‘yicha berilgan bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi.

Bundan buyon ipoteka kreditlari bo‘yicha garovga olinadigan uyni sug‘urtalash talabi bekor qilinadi.

Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kirgan va turar joyi nochor ahvoldagi oilalarga, “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida, o‘z hovlisida uy qurish va ta’mirlashga 120 million so‘mgacha ipoteka krediti ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda kreditning 15 foizi va dastlabki besh yilda foiz stavkasining 6 foizgacha bandi byudjetdan qoplab beriladi.

Aholiga bu borada ko‘maklashishda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi muhim o‘rin tutadi. O‘tgan uch yilda uning kredit portfeli 3 trillion so‘mdan oshdi. Ushbu kompaniya ustav kapitalini 100 million dollarga yetkazish, xorijiy mablag‘lar jalb etishni kengaytirish vazifasi belgilandi.

Yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda hududlarda 38 ta massiv qurilishi boshlangan. Joriy yilda yana 17 ta massiv bunyod etish ko‘zda tutilgan.

Lekin ayrim joylarda kechikish holatlari bor. Masalan, Surxondaryo, Andijon, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida qurilish ishlari ortda qolmoqda.

Shu bois har bir massiv kesimida manzilli ro‘yxatni tasdiqlab, bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Davlatimiz rahbari bunda asosiy talablar – sifat, muddat va tannarx ekanini ta’kidladi.

Ayrim noinsof quruvchilar xaridorlar ishonchini suiiste’mol qilayotgani qayd etilar ekan, ulushdorlik asosida uy-joy barpo etishda aholini himoya qilish tizimini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, yer auksionida qatnashadigan qurilish va pudrat tashkilotlarining moliyaviy salohiyatiga minimal talablar joriy qilinishi belgilandi.

Ba’zi hududlardagi eski uylar renovatsiya asosida yangilanib, odamlarga zamonaviy sharoitlar yaratilishi qayd etildi.

Bosh vazir o‘rinbosari va viloyat hokimlari qurilish ishlarini tashkil qilish rejalari yuzasidan axborot berdi.