Joriy yilning 8-11-mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 2-tur uchrashuvlari o‘tkazildi.
Ikkinchi turning dastlabki kuni “Metallurg” – “So‘g‘diyona” va “Paxtakor” – “Nasaf” jamoalari o‘zaro raqobatlashdi va ikkala o‘yin ham 0:0 hisobida yakunlandi. Shuningdek, “Olimpik” o‘z maydonida “Lokomotiv”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsa, “Navbahor” muxlislari ko‘z o‘ngida “OKMK” bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi. Turning uchinchi kunida “Neftchi” safarda “Dinamo” ustidan 0:1 hisobida zafar quchdi.
Ushbu turning eng gollarga boy o‘tgan va kutilmagan natija qayd etilgan o‘yini “Andijon” va “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi o‘tdi. Unda mezbonlar yirik 5:1 hisobida g‘alaba qozondi va “Andijon” klubi “Bunyodkor”ni o‘z tarixida ilk marotaba taslim qildi. “Qizilqum” – “Surxon” bahsi Superliganing 2-turiga yakun yasab berdi. Unda Jamshid Saidov boshchiligidagi navoiyliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Shu tariqa, ikkinchi tur yakuniga ko‘ra, “Qizilqum” va “Neftchi” klublari 6 ochko jamg‘argan holda jadvalning birinchi hamda ikkinchi pog‘onalaridan o‘rin egalladi. Ular ortidan “Andijon”, “Paxtakor”, “Nasaf”, “Navbahor” va “Lokomotiv” jamoalari 4 ochko jamg‘argan holda bormoqda. Shuningdek, Superligada “Metallurg” va “OKMK” ikki ochkodan, “So‘g‘diyona” esa 1 ochko to‘plagan holda 8-9-10 o‘rinlardan joy oldi. Jadvalning quyi o‘rinlarida esa birorta ham ochko jamg‘ara olmagan “Dinamo”, “Bunyodkor”, “Olimpik” va “Surxon” qayd etildi.
Superliganing 3-tur uchrashuvlari 14-mart kuni boshlanadi. Quyida uchrashuvlar ro‘yxati bilan tanishasiz:
Superliga 3-tur:
14.03.2024, 18:45: “Lokomotiv” – “Paxtakor”;
15.03.2024, 18:30: “Neftchi” – “Metallurg”, 19:00: “So‘g‘diyona” – “Olimpik”;
16.03.2024, 17:00: “Surxon” – “Andijon”, 19:00: “Nasaf” – “Qizilqum”
17.03.2024, 18:45: “OKMK” – “Dinamo”, 18:45. “Bunyodkor” – “Navbahor”.
***
Osiyo chempionlar ligasining chorak finalidan o‘rin olgan “An-Nasr” – “Al-Ayn” klublari o‘rtasidagi javob uchrashuvida 4:3 hisobi qayd etildi. Birinchi o‘yinda “Al-Ayn” 1:0 hisobidagi g‘alabasi sabab ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra hisob 4:4 ko‘rinishini oldi. G‘olib jamoani aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. Unda 1:3 hisobida “Al-Ayn” g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi.
Bugun, Osiyo chempionlar ligasining chorak final bosqichi javob o‘yinida “Al-Ittihod” o‘z maydonida “Al-Hilol”ni qabul qiladi va ilk uchrashuvda qayd etilgan 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat alamini olishga urinadi. Shuningdek, “Ulsan” — “Chonbuk Motors” o‘rtasida ham javob o‘yini bo‘lib o‘tadi. Ushbu jamoalar birinchi o‘yinda 1:1 hisobidagi durangga imzo chekkan edi.
Javob uchrashuvlarining so‘nggi bahsi ertaga, 13-mart kuni “Yokogama Marinos” — “Shandun Tayshan” (2:1) klublari o‘rtasida o‘tadi.
***
Yevropa chempionlar ligasining 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan “Arsenal” — “Port-u”, “Barselona” — “Napoli” klublari o‘rtasidagi javob o‘yinlari bugun tunda o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 22-fevral kuni ushbu jamoalar nimchorak final doirasida ilk uchrashuvlarini o‘tkazgan. Unda “Port-u” o‘z maydonida “Arsenal”ni 1:0 hisobida yengan bo‘lsa, “Barselona” safarda “Napoli” bilan durang qayd etgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA