O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Indoneziyaning mashhur telekanallaridan biri NetTV telekanali bilan hamkorlik qilmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Muslim Travelers ko‘rsatuvi ijodkorlari 2 qismdan iborat dasturni indoneziyalik tomoshabinlar uchun suratga olish ishlarini olib borishdi. Muqaddas Ramazon oyida (22-may kuni) birinchi qism namoyish etildi. Unda Samarqandning sayyohlar e’tirofiga sazovor va boy islomiy merosiga ega maskanlari haqida so‘z bordi. Ushbu televizion loyihani Indoneziyalik 1 million 80 mingdan ortiq oilalar tomosha qilishdi. Bundan tashqari, Youtubeda NetTV kanaliga a’zo foydalanuvchilar soni – 1,7million kishini tashkil qiladi.
Ikkinchi qism indoneziyaliklar uchun Toshkent va uning Islom dini uchun ahamiyatli bo‘lgan joylariga qilingan sayohatga bag‘ishlanadi. Ularda – Hasti Imom masjid, Mo‘yi Muborak muzeyi haqida hikoya qilinadi. Bundan tashqari Chorsu bozori, Toshkent Metropoliteni, Amir Temur xiyoboni, va yana boshqa obyektlar tasviri ham indoneziyaliklarga juda manzur bo‘lgan. Ushbu dasturlar saharlik va iftorlik vaqtlarida efirga uzatishga mo‘ljallangan. Bu vaqtda indoneziyaliklar oila davrasida vaqt o‘tkazadilar.