Nukus shahri markazidagi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat bayroqlari o‘rnatilgan maydonda “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida” gi qonun qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, barchani ushbu kun bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida” gi qonun 1992 yil 14 dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining XI sessiyasida qabul qilingan. Bayroq yaxshilik, donishmandlik, poklik, go‘zallik, tinchlik va yangilanish kabi tuyg‘ularni o‘zida jamlagani bilan ahamiyatli. Shunday ekan, davlat bayrog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrash, uni ulug‘lash va balandlarga ko‘tarish – har birimiz uchun ona Vatan oldidagi farzandlik burchimiz ekanligi qayd etildi.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun qabul qilingan farmon va qarorlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA