Ob-havoning keskin sovuq kunlarida iste’molchilarning energiya resurslariga ehtiyoji ortishi tabiiy hol. Bu esa elektr uzatish tarmoqlarida hamda transformator punktlarida ortiqcha kuchlanishni keltirib chiqarishi va ularning tizimdan uzilishiga sabab bo‘lish ehtimoli ortadi. Mana shunday holat 12 dekabr kuni Nukus shahridagi “Sarbinaz” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 170-transformator punktida yuz berdi.
Tungi soat 22:00 chamasida ortiqcha kuchlanishga bardosh bera olmagan transformator punktining asosiy qismlari “kuyib” ketganligi haqidagi xabar shahar elektr ta’minoti korxonasiga berilgandan so‘ng, nosozlik yuz bergan hududga 5 nafar xodimdan iborat navbatchi brigada jo‘natildi. Mutaxassislar ob-havoning -20 daraja bo‘lishiga qaramasdan, o‘zlarining bor mahoratini ishga solib, topshiriqni tez va sifatli bajarishga erishdi. Yaroqsiz holga kelgan transformator yangisiga almashtirildi. Ikki soatdan so‘ng mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi barqaror elektr ta’minotiga ulandi. Qishning hozirgi ayozli kunlarida kommunal xizmat sohasi xodimlarini bugunning haqiqiy qahramonlari, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Gapirish oson bo‘lgani bilan noqulay ob-havo sharoitida nosozlikni bartaraf etish mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Bu esa elektr ta’minoti ustasi Urazali Tajimuratov rahbarligidagi navbatchi brigadaning kundalik ish jarayonidan birgina misol edi. Qoraqalpog‘istonlik energetiklar 24 soatlik ish rejimida aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri