Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi OʻzLiDeP fraksiyasi a’zolari, mutasaddi tashkilot hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibida Ellikqal’a tumanida o‘z binosiga ega bo‘lmagan mahallalarda xususiy sherikchilik asosida binolar bilan ta’minlash choralari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, “Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida” gi Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonuni va tegishli hukumat qarorlari talabining Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida bajarilishi bo‘yicha o‘rganish natijalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligi birlashmalarining a’zolari, meva-sabzavot klasterlari ishtirokchilari va tadbirkorlik sub’ektlariga mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv ko‘chatlar (pakana va yarim pakana) xo‘raki, kishmishbop va sanoatbop tok ko‘chatlari hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining bajarilish masalalari ham tinglandi.
Ta’kidlanganidek, Ellikqal’a tumanida 26 ta mahalla, 13 ta ovul va 1 ta shaharcha fuqarolar yig‘ini mavjud. Ularda turli millat vakillaridan iborat aholi istiqomat qiladi. Tumanda 2023 yilgacha 37 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘ini bo‘lgan. Aholining yashash sharoitini yaxshilash, jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholisi zich joylashgan hududlarda yanada qulaylik yaratish maqsadida tumandagi 3 ta ovul fuqarolar yig‘ini hududini bo‘lish, chegaralarini o‘zgartirish orqali “Amirobod” ovuli hududida “To‘rt devor”, “Sarabiy” ovuli hududida “Barhayot”, “Qirqqizobod” ovuli hududida “Burgutqal’a” mahalla fuqarolar yig‘ini yangidan tashkil etildi.
Joriy yilda Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan davlat mablag‘lari hisobidan tumanda “Paxtachi”, “Ixlos”, “Iftixor” va “Iqbol” mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi binolar qurib berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 13 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan davlat mablag‘lari hisobidan tumandagi har bir mahallaga ajratilgan 500 million so‘mdan 13 ta fuqarolar yig‘iniga 16 ta yangi zamonaviy kompyuter, o‘z binosiga ega bo‘lgan 25 ta fuqarolar yig‘ini binolariga quyosh paneli o‘rnatilib, 25 tasi yong‘inga qarshi qalqonlar bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, 7 ta fuqarolar yig‘ini hududiga 73 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Shuningdek, mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan 4 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga 4 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi olib berildi. Hozirgi kunda yangi mahallalar tashkil etilishi hisobiga tumandagi 40 ta mahalladan 14 tasi o‘z binosiga ega emas.
Tadbirda keyingi uch yil davomida tuman hokimligi tomonidan fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha ijobiy ishlar qilinmagani tanqid qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori talabining bajarilishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining hisoboti tinglandi. Unda qayd qilinganidek, shahar va tuman kesimida 289 ta ob’ektda jami 236,5 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 iyuldagi qarorining bajarilishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida barcha turdagi xo‘jaliklarda jami 6 ming 822 gektar mevali bog‘ va 1 ming 597 gektar uzumzor bor bo‘lib, shu maydonlardan 68 ming tonna meva va 12 ming tonnadan ziyod uzum mahsuloti yetishtirib kelinmoqda. Fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalariga tegishli bo‘lgan 3 ming 972 gektar bog‘ning 1 ming 378 gektarini intensiv bog‘lar tashkil etadi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha ham ustuvor vazifalar belgilab berilgan. 2023 yilda 100 ming gektar, 2024 yilda 120 ming gektar yer foydalanishga kiritilishi bo‘yicha masalalar ham muhokama qilindi. Bu bo‘yicha Prezidentimiz raisligida joriy yilning 21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilning 5 dekabriga qadar har bir tumanda eksportbop poliz-sabzavot ekinlarini ekishga bo‘ladigan kamida 100 gektardan yerlarni topib, aniq chegaralarini belgilagan holda Qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga taklif etish topshirig‘i berilgan edi. Uning bajarilishi bo‘yicha Davlat kadastrlari palatasi tomonidan joriy yilning 29 noyabr kuniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 508 konturda umumiy maydoni 1 ming 457,9 gektar, shundan 1 ming 304,8 gektar ekin yer, 17,1 gektar ko‘p yillik daraxtzor, 34,3 gektar bo‘z yer, 8,4 gektar pichanzor va yaylovlar, 90,6 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer aniqlandi.
Tadbirda fraksiya a’zolari tomonidan kelgusidagi ishlar bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri