O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi bayrami kuni Nukus shahridagi “Gone qala” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 10 ta ko‘p qavatli turar joy binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi bilan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya asosida xalqimiz turmush darajasini oshirish, ular uchun munosib yashash sharoitini yaratish, aholini rozi qilish borasida keng ko‘lamli ishlar  amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida so‘nggi yillarda qabul qilingan farmon hamda qarorlar asosida mahallalarni obod qilish, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalari uchun yoshlarga qo‘shimcha kvotalar ajratish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

Har biri 42 xonadondan iborat 10 ta ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi uchun tijorat banklari tomonidan 96,2 milliard so‘m  kredit mablag‘i ajratildi. Ushbu turar joylardan 20 ta xonadon ko‘zi ojiz va imkoniyati cheklangan fuqarolarga topshirildi.

Tadbir ishtirokchilari yangi xonadonlarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Turar joy binolarining egalariga topshirilishi aholi uchun bayramga munosib tuhfa bo‘ldi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri